Mirziyoyev investorlarga SI va data-markazlarga sarmoya kiritishni taklif qildi
Davlat rahbari sun’iy intellekt orqali aholining barcha qatlamlari hayotini yaxshilash asosiy vazifa ekanini bildirdi.
© Foto: president.uzO‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida mamlakatning raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellekt sohasidagi yangi rejalarini ma’lum qildi.
Davlat rahbari investorlarni energetika, data-markazlar va sun’iy intellekt loyihalariga faol sarmoya kiritishga chaqirdi.
Prezidentning ta’kidlashicha, xorijiy ekspertlar O‘zbekistonda sun’iy intellekt texnologiyalari asosida kelgusi besh yil ichida kamida 10 milliard dollarlik qo‘shimcha qiymat yaratilishini prognoz qilmoqda.
«Asosiy vazifamiz sun’iy intellekt orqali aholining barcha qatlamlari hayotini yaxshilash, undan ta’lim, davlat xizmatlari va biznes jarayonlarida keng foydalanishdan iborat», — dedi prezident.
Yangi imtiyozlar
Prezident investorlarga quyosh va shamol elektr stansiyalari bilan bir qatorda energiya saqlash tizimlari, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda «yashil» energiyada ishlaydigan data-markazlar qurishni taklif qildi.
Ma’lum qilinishicha, Qoraqalpog‘istonda sun’iy intellekt loyihalari va data-markazlar uchun maxsus zona tashkil etilgan.
Ushbu hududda faoliyat yuritadigan investorlar 2040 yilgacha barcha turdagi soliq va bojlardan ozod etiladi. Shuningdek, yo‘l, elektr va suv infratuzilmasi davlat mablag‘lari hisobidan qurib beriladi.
Bundan tashqari, investorlar uchun 1 kilovatt-soat elektr energiyasi narxi 5 sent miqdoridagi imtiyozli tarif asosida belgilanadi.
Prezidentning ma’lum qilishicha, maxsus huquqiy rejim asosida ishlaydigan O‘zbekiston xalqaro raqamli texnologiyalar markazi ham tashkil etilmoqda.
Prezident investorlarni ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha jozibadorligi yuqori bo‘lgan loyihalarda hamkorlikka taklif etdi.





