
Mirziyoyev paxtachilikni rivojlantiradigan yangi takliflarni ma’qulladi
Agrar universitetlarda ikki yillik «dual ta’lim» joriy etilishi, paxtada hosildorlikni ikki baravar oshirish rejasi, fermerlarga 5 million mukofot va import urug‘ga chek qo‘yilishi — agrosohada yangi bosqich boshlanmoqda.

Agronomlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida Agrar universitet va sohada agronomlarni tayyorlaydigan boshqa oliygohlar bitiruvchilari uchun ikki yillik «dual ta’lim» mexanizmi joriy etiladi. Bu haqda bugun, 17-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan paxtachilikda samaradorlikni ilg‘or tajriba va texnologiyalar asosida oshirish, qishloq xo‘jaligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar taqdimotida aytildi.
Taqdimotda paxta xo‘jaligidagi past hosildorlik muammolarini bartaraf etish, fermerlar bilan manzilli ish olib borish va ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Mamlakat qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotning 20 foizini tashkil etib, yiliga 467 trillion so‘mlik mahsulot yetkazib berayotgani ta’kidlandi. Shu bilan birga, agrar mahsulotlar umumiy eksportning uchdan bir qismini ta’minlamoqda.
Taqdimotda ilg‘or fermerlarni past hosil olayotgan xo‘jaliklarga biriktirish tizimi taklif qilindi. Hosildorligi 60 sentnerdan yuqori bo‘lgan fermerlar 30 sentnerdan kam natija ko‘rsatganlarga ustoz sifatida biriktiriladi, qayta tayyorlanib sertifikat oladi. Agar past hosildor fermer 50 sentnerdan yuqori natijaga erishsa, unga ko‘maklashgan ilg‘or fermerga 5 million so‘m mukofot beriladi.
Agronom tayyorlash tizimini kuchaytirish maqsadida Agrar universitet va sohadagi oliygohlarda ikki yillik “dual ta’lim” joriy etiladi. Talabalar ilg‘or klaster va fermer xo‘jaliklarida amaliy o‘quvdan o‘tadi, stipendiya va mutaxassislar uchun rag‘bat puli belgilanadi.
Mahalliy paxta navlarini yaratish ishlari bo‘yicha Genomika markazi va Paxtachilik institutida fitotron va reproduksion issiqxonalar barpo etilib, nav yaratish muddati 2,5 barobarga qisqarishi kutilmoqda. Bu import urug‘ga ehtiyojni yo‘qotadi.
G‘o‘zani plyonka ostiga ekishni ommalashtirish, agrodronlardan keng foydalanish va bu yo‘nalishda kadrlar tayyorlash vazifalari qo‘yildi. Shuningdek, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni agrosohaga joriy etish bo‘yicha xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda qilingan ishlar taqdim etildi.
Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida 2026 yildan paxta, g‘alla, mevalar va dukkakli ekinlar uchun ixtiyoriy sug‘urta tizimini joriy qilish, sug‘urta mukofotining yarmini budjet hisobidan qoplash taklif etildi. Turli idoralar berib kelayotgan 75 turdagi subsidiyani yagona platforma orqali ajratib boradigan Agrar to‘lov agentligini tashkil etish tashabbusi ham bildirildi.
Prezident takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.





