
«Mirziyoyev so‘zining ustidan chiqadigan odam» — Tramp
23.09.2025 | 22:5030404
O‘zbekistonning sakkiz milliard dollarlik, Qozog‘istonning to‘rt milliard dollarlik sarmoyalari Tramp ko‘ngliga xush yoqdi. Chunki bu amerikaliklar uchun manfaatliroq.

Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Tramp Boeing korporatsiyasi bilan umumiy qiymati taxminan 8 milliard dollarlik shartnoma tuzilgani munosabati bilan O‘zbekistonni tabrikladi. Bu haqda Oq uy rahbari o‘zining Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi.
«Shu oy boshida men O‘zbekiston prezidenti hurmatli Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatlashgan edim. Bugun men O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Boeing bilan ulkan bitim imzolagani bilan tabriklamoqchiman! Uzbekistan Airways 8 milliard dollardan ortiq mablag‘ evaziga 22 ta Boeing Dreamliner 787 samolyotini xarid qilmoqda», - deya yozdi u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
«Bu Qo‘shma Shtatlarda 35 mingdan ortiq ish o‘rni yaratadi. Prezident Mirziyoyev so‘zining ustidan chiqadigan inson va biz boshqa ko‘plab masalalar bo‘yicha hamkorlikda ishlashni davom ettiramiz», - deya qo‘shimcha qildi Tramp.
Uzbekistan Airways xabar qilishicha, samolyotlarni yetkazib berish 2031 yildan boshlanadi, ushbu kelishuv kompaniya uchun Shimoliy Amerika, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga uzoq masofali parvozlarni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.
BBCga ko‘ra, Donald Tramp ikkinchi prezidentligi muddatining ham asosiy maqsadini Make America Great Again - Amerikani yana buyuk qilish shiori ostidagi harakatlariga bag‘ishlagan, butun dunyoga e’lon qilgan «boj urushlari» sababi ham shunda.
U Apple yoki AQSHning dunyoga mashhur shirkatlaridan xorijdagi ishlab chiqarishlarini Amerikaga ko‘chirishni, amerikaliklarning o‘zlari uchun ko‘proq ish joylari barpo etishni talab qilayapti, chet el shirkatlari AQSH hududida zavod-fabrika yo‘lga qo‘yishlari evaziga iqtisodiy yengillik va imtiyozlar va’da qilgan.
Shuning uchun ham O‘zbekistonning sakkiz milliard dollarlik, Qozog‘istonning to‘rt milliard dollarlik sarmoyalari Tramp ko‘ngliga xush yoqdi.





