add

Mirziyoyev Trampning O‘zbekistonda tug‘ilgan maslahatchisi bilan uchrashdi

27.10.2025 | 21:209772

Serjio Gor Shavkat Mirziyoyevga Donald Trampning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.

Mirziyoyev Trampning O‘zbekistonda tug‘ilgan maslahatchisi bilan uchrashdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda AQSH Davlat kotibining o‘rinbosari Kristofer Landau va boshqa rasmiy shaxslar ham ishtirok etgan. O‘zbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlarining joriy yil 23 sentyabr kuni Nyu-York shahrida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

«Uchrashuv avvalida Serjio Gor davlatimiz rahbariga AQSH Prezidenti Donald Trampning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi. Jadal siyosiy muloqot, turli darajalardagi almashinuvlar va faol ishbilarmonlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, oktyabr oyi boshida AQSH Savdo palatasi delegatsiyasining tashrifi muvaffaqiyatli o‘tdi», - deyiladi xabarda.

Qabul qilingan «yo‘l xaritasi» asosida sanoat, moliya, muhim minerallar, energetika, raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi loyihalarni ilgari surish dolzarbligi ta’kidlangan.

Tomonlar xavfsizlik, terrorizm va ekstremizm, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish sohalarida sheriklikni mustahkamlash masalalarini ham muhokama qildilar.

Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Bo‘lajak tadbirlar rejasi, shu jumladan kelgusi hafta Vashington shahrida «S5+1» formatidagi sammitni o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Ma’lumot uchun, Serjio Gor 1986 yil 30 noyabrda Toshkentda tug‘ilgan va keyinchalik AQSHda ta’lim olgan.

Teglar

Mavzuga oid