
Mirziyoyev Turkmanistonda orden bilan mukofotlandi
05.08.2025 | 14:2027273
BMTning uchinchi konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonning «Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» ordeni bilan taqdirlandi.

5 avgust kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi doirasida Ashxobod shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Turkmanistonning «Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» ordeni tantanali ravishda topshirildi.
Marosimda Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va rasmiy delegatsiya a’zolari ishtirok etdi. Davlat rahbari yuksak mukofot uchun minnatdorlik bildirib, uni O‘zbekiston xalqi va Markaziy Osiyodagi do‘stlik hamkorligi yo‘lidagi umumiy sa’y-harakatlarning e’tirofi sifatida qabul qilishini ta’kidladi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida strategik sheriklik yuqori bosqichga ko‘tarilgan. Iqtisodiy va gumanitar sohalarda yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirildi, o‘zaro savdo hajmi sezilarli darajada oshdi. Shu bilan birga, kooperatsiya ko‘lami kengayib, mintaqada o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillari mustahkamlandi.
Prezident mintaqaning barcha davlat rahbarlarini Markaziy Osiyoda hamkorlik va barqarorlikni rivojlantirishdagi faolligini yuqori baholadi. Uning ta’kidlashicha, xalqaro hamjamiyat bugun mintaqaviy sheriklikning yangi modelini barpo etishdagi yutuqlarni e’tirof etmoqda.
Marosim yakunida Mirziyoyev qardosh turkman xalqini BMT konferensiyasi bilan tabriklab, joriy yil dekabr oyida Ashxobodda o‘tadigan Xalqaro tinchlik va ishonch yili doirasidagi global sammit muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.





