add

Mirziyoyev UNESCOda beshta global tashabbus bilan chiqdi

30.10.2025 | 18:547524

Birinchi yo‘nalish ta’lim sohasiga bag‘ishlandi. Ikkinchi tashabbus madaniy merosni saqlash bilan bog‘liq.

Mirziyoyev UNESCOda beshta global tashabbus bilan chiqdi

Bugun, 30 oktyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimida nutq so‘zladi.

Davlat rahbari o‘z nutqi davomida inklyuziv ta’limni rivojlantirish, nomoddiy madaniy merosni saqlab qolish uchun birgalikdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirish, xotin-qizlarning yetakchilik qobiliyati va kompetensiyasini ta’minlash uchun global dasturlarni faol ishga tushirish kabi ilg‘or tashabbuslarni bildirdi.

«Birinchidan, inklyuziv ta’limni rivojlantirish va sohada sun’iy intellekt texnologiyalarini keng qo‘llash bugungi kunning dolzarb vazifasiga aylanmoqda.

Jismoniy va ijtimoiy xususiyatlaridan qat’i nazar, har bir bolaga ta’lim olishi uchun teng imkoniyatlarni yaratib berish juda muhimdir. Bu borada YUNESKOning alohida ehtiyojli bolalar uchun Inklyuziv ta’limni rivojlantirish platformasini joriy etish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Ta’lim sohasida o‘zaro bilim va tajriba almashish uchun xalqaro muloqot formatini yaratish maqsadida Jahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish bo‘yicha rejamizni qo‘llab-quvvatlaysiz, deb ishonamiz.

Axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirgan va kreativ fikrlaydigan yangi avlodni tarbiyalash ustuvor vazifamizdir. Sun’iy intellektni ta’lim tizimiga keng joriy etish maqsadida yurtimizda YUNESKO ishtirokida “Sun’iy intellekt – maktab” namunaviy loyihasini amalga oshirishga tayyormiz.

Shuningdek, YUNESKO shafeligida barcha qit’alarning yetakchi oliygohlari, pedagogika va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari ishtirokida Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha xalqaro ekspertlar anjumanini o‘tkazishni taklif etamiz.

Ikkinchidan, insoniyatning bebaho xazinasi bo‘lgan jahon nomoddiy madaniy merosini saqlab qolish uchun birgalikdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirishimiz zarur.

Bunday noyob meros ob’ektlari bo‘lgan xalq og‘zaki ijodiyoti, qo‘lyozmalar, arxivlar va qimmatli tarixiy hujjatlar, madaniy ma’lumotlarni saqlash, ularning barcha uchun ochiqligini ta’minlash maqsadida yaratilgan YUNESKOning “Jahon xotirasi” dasturini rivojlantirishdan manfaatdormiz.

Dunyo ma’naviy xazinasini jamlagan ushbu dastur yaratilgan sanani har yili nishonlash maqsadida 19 noyabrni “Hujjatli meros xalqaro kuni”, deb e’lon qilishni, shuningdek, YUNESKO tuzilmasiga kiradigan Raqamli meros bo‘yicha xalqaro institutni tashkil etishni taklif qilamiz.

Ma’lumki, qadimiy Buxoro hunarmandchilik bo‘yicha YUNESKO Ijodkor shaharlar tarmog‘ining a’zosi hisoblanadi. Biz ushbu shaharda 2027 yili mazkur yo‘nalishda xalqaro kongressni qabul qilishga tayyormiz.

Uchinchidan, xotin-qizlarning yetakchilik qobiliyati va kompetensiyasini ta’minlash uchun global dasturlarni faol ishga tushirish, ayniqsa, muhimdir.

YUNESKO statistika instituti ma’lumotlariga ko‘ra, jahonda ilmiy va madaniy muassasalar rahbarlarining 25 foizi, ta’lim sohasi boshqaruvchilarining 30 foizi, tadqiqotchilarning 33 foizi xotin-qizlardir. Bu esa ayollar huquqlarini ta’minlashda, afsuski, tengsizlik hamon saqlanib qolayotganini tasdiqlaydi.

Vaholanki, gender tengligi YUNESKOning fundamental, ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib, Tashkilotning barcha tashabbuslari unga integratsiya qilinishi zarurligi belgilab qo‘yilgan. Bu borada a’zo davlatlarning eng ilg‘or tajriba va amaliyotini o‘rganish, bilimlar almashish maqsadida Xotin-qizlar yetakchiligi bo‘yicha YUNESKO akademiyasini tashkil etish vaqti keldi, deb hisoblaymiz. Shuningdek, Samarqandda barcha qit’alarning mashhur tadqiqotchilari, san’at namoyandalari, pedagog va ixtirochi xotin-qizlarning Ta’lim, madaniyat va fan sohasidagi global forumini o‘tkazishni taklif etamiz.

To‘rtinchidan, iqlim inqiroziga qarshi birgalikda samarali kurashish ham dolzarb masaladir.

O‘rtacha haroratning sezilarli darajada ko‘tarilishi, muzliklarning erishi, cho‘llanish, tuproq qatlamlari yemirilishi, urbanizatsiya jarayonlari madaniy meros ob’ektlarining holatiga jiddiy ta’sir o‘tkazmoqda.

Atrof-muhitga mas’uliyat bilan yondashayotgan, “yashil” dasturlarni muvaffaqiyatli tatbiq etayotgan shaharlarni alohida e’tirof etish va rag‘batlantirish bo‘yicha “YUNESKOning Ekologik poytaxti” global tashabbusini ilgari suramiz. Bundan tashqari, YUNESKO Ijroiya Kengashining “Globallashuv va iqlim o‘zgarishlari sharoitida madaniy merosni asrab-avaylash bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasini ishlab chiqish tarafdorimiz. Mazkur masala bo‘yicha Xiva shahrida xalqaro simpozium o‘tkazishga tayyormiz.

Beshinchidan, virtual makonda noxolis axborotlarni tarqatish, jamoatchilik fikrini chalg‘itish, diskriminatsiyaga qarshi birgalikda samarali choralar ko‘rish jiddiy zaruratga aylanmoqda.

Raqamli transformatsiya muhitida dunyoqarashi shakllanayotgan yosh avlodning eng yaxshi ijodiy ishlari, multimedia g‘oyalarini o‘zaro almashish uchun Bolalar madaniy kontenti xalqaro festivalini o‘tkazish tashabbusini bildiramiz.

Ma’lumotlarni tahliliy idrok etish, yoshlarni manipulyatsiyadan himoya qilish, axborot shaffofligini ta’minlash maqsadida YUNESKOning Media savodxonlikni rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli strategiyasini ishlab chiqishni taklif etamiz.

Yana bir masala. Dunyoda dinlararo ziddiyatlar tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda bag‘rikenglik, o‘zaro tushunish va totuvlik kabi umuminsoniy g‘oyalarni keng targ‘ib etish har qachongidan ham muhim.

Islom madaniyati va ma’rifatini dunyoga tarannum etish orqali radikalizm va islomofobiyaga qarshi samarali kurashish mumkin. Bu borada O‘zbekistonda amalga oshirilgan noyob loyihalar – Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband tadqiqot markazlari salohiyatidan birgalikda foydalanishga chaqiramiz», - dedi O‘zbekiston prezidenti.

Teglar

Mavzuga oid