
Mirziyoyev va Gutterrish uchrashuvi: O‘zbekiston—BMT hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda
05.08.2025 | 19:4014333
O‘zbekiston va BMT o‘rtasida yangi besh yillik barqaror rivojlanish dasturini imzolash rejalashtirilmoqda.

BMTning dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvda 2026–2030 yillar uchun mo‘ljallangan yangi besh yillik hamkorlik dasturini imzolash istiqboli muhokama qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Xabar berilishicha, O‘zbekiston va BMT barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mustahkam hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarmoqda. Joriy davrda O‘zbekiston va BMT hamkorligida 160 ga yaqin qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. So‘nggi bir necha yilda esa O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasda 13 ta rezolyutsiya qabul qilindi.
Hozirda mamlakatda «BMT-Ayollar tashkilotiga tegishli vakolatxona ochilgan va davlat xizmati masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum ham hamkorlikda o‘tkazilgan. Samarqandda esa YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Global barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) indeksida dunyodagi eng ilg‘or beshta davlat qatoriga kirdi. BRMga erishish nuqtai nazaridan BMT bilan hamkorlik bo‘yicha yangi besh yillik dastur imzolanishi kutilmoqda.
Uchrashuvda tomonlar mavjud loyihalarni kengaytirish va amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanligini tasdiqladi.





