
Mirziyoyev va Stubb ko‘p qirrali hamkorlikni muhokama qildilar
Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Stubb uchrashuvida siyosiy, iqtisodiy, investitsiyaviy hamda innovatsion sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish, umumiy qiymati 1 mlrd yevrolik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Finlandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubbni qabul qildi. Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va kelgusi istiqbollari muhokama etildi.
Tomonlar siyosiy muloqot, savdo, investitsiya, ta’lim va madaniyat sohalaridagi munosabatlar izchil rivojlanayotganini qayd etdilar. Xususan, O‘zbekistonda Finlandiya bilan hamkorlikda faoliyat yuritayotgan Xalqaro Nordik universiteti ta’lim sohasidagi muhim loyihalardan biri sifatida e’tirof etildi.
O‘zbekiston–Finlandiya biznes forumi yakunida umumiy qiymati 1 mlrd yevroni tashkil etuvchi istiqbolli qo‘shma loyihalar portfeli shakllantirilgani ma’lum qilindi. Shuningdek, tovar ayirboshlash hajmini oshirish va mahsulot yetkazib berishni rag‘batlantirish uchun Savdoni moliyalashtirish qo‘shma jamg‘armasini tuzish taklifi ilgari surildi.
Finlandiya tomoni O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi bozorlariga olib chiqish maqsadida sertifikatlash laboratoriyalari ochish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Shu bilan birga, geologiya, muhim materiallar, energetika, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, ekologiya va turizm kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishga kelishildi.
2026 yilda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish va Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, ta’lim, tibbiyot va mehnat migratsiyasi sohalarida ham hamkorlikni mustahkamlash rejalashtirilgan.
Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.





