
Mirziyoyev xalqaro forumda O‘zbekistonning investitsiya siyosatini belgilab berdi
11.06.2025 | 08:3028094
Toshkentda bo‘lib o‘tgan IV Xalqaro investitsiya forumida Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning investitsiyaviy siyosatini belgilab berdi. U xalqaro hamkorlar bilan iqtisodiy transformatsiyaning to‘rt asosiy yo‘nalishini e’lon qildi.

Mirziyoyev Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida tashkil etilgan forumda so‘zga chiqar ekan, global geosiyosiy beqarorlik, moliyaviy tanqislik va Jahon YAIM o‘sishining sekinlashuvi sharoitida investitsiyalar nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki tinchlik va barqarorlik omili ekanini ta’kidladi.
Prezident joriy yilda investitsiyalar hajmi 35 mlrd dollar, eksport esa 27 mlrd dollarga yetganini qayd etdi. So‘nggi 8 yilda YAIM ikki barobar oshgan. 2030 yilgacha maqsad — 200 mlrd dollarlik iqtisodiyotga erishish. O‘zbekiston S&P agentligi tomonidan suveren reytingda «mustahkam»dan «ijobiy»ga ko‘tarildi.
Prezident tomonidan e’lon qilingan to‘rt strategik yo‘nalish shulardan iborat:
«Yashil» iqtisodiyotga o‘tish. Qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish 82 mlrd kWhʼga yetdi. 5 yil ichida bu ko‘rsatkich 120 mlrdga, «yashil» energiya ulushi esa 54 foizgacha ko‘tariladi.
Raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt. 2025 yilda IT-eksport 1 mlrd dollarga yetishi, 2030 yilda esa 5 mlrd dollarga chiqishi rejalashtirilgan. Milliy AI-model yaratiladi, 20 ta data-markaz faoliyat boshlaydi.
Moliya tizimi islohotlari. XVF va Jahon banki bilan birgalikda baholash o‘tkazildi, fintex va kiberxavfsizlik platformalari yo‘lga qo‘yildi. Venchur investitsiyalar o‘smoqda, 2 startap 1 mlrd dollarlik chegarani bosib o‘tdi.
Mineral resurslarga talab va imkoniyatlar. Litiy, grafit va volfram zaxiralari 3 trln dollar deb baholanmoqda. «Metallar kelajagi» texnoparklari tashkil etilmoqda.
Shuningdek, Prezident investitsiya muhitini yaxshilash maqsadida milliy investitsiya jamg‘armasi (aktivlari 2 mlrd dollar) tuzilganini, 29 ta yirik davlat korxonasi xususiylashtirilishini va IPO orqali xalqaro bozorga chiqish rejalashtirilganini ma’lum qildi.
Logistikaga katta e’tibor qaratilib, 4 aeroport xususiy sektorga berilgan. Yaqin yillarda yana 4 ta aeroport bo‘yicha tenderlar o‘tkaziladi. Toshkent yaqinida 2 mln aholiga mo‘ljallangan «Yangi Toshkent» shahri quriladi.
Xulosa qilib, Mirziyoyev O‘zbekistonni «investorlar uchun katta imkoniyatlar mamlakati» deb atadi va barcha xorijiy sarmoyadorlarga to‘liq qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.





