
Mirziyoyev Yaponiya savdo vaziri bilan uchrashdi
Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokioga rasmiy tashrifi doirasida Yaponiya iqtisodiyot, sanoat va savdo vaziri Ryosey Akazavani qabul qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida mamlakat iqtisodiyot, sanoat va savdo vaziri Ryosey Akazava bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Muzokaralarda O‘zbekiston–Yaponiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari asosiy e’tibor markazida bo‘ldi.
Uchrashuv avvalida davlat rahbari Yaponiya bilan savdo-investitsiyaviy hamkorlik so‘nggi yillarda barqaror sur’atda rivojlanayotganini qayd etdi.
Ayniqsa, Yaponiya kompaniyalarining O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari sezilarli darajada oshgani ta’kidlandi. Ma’lum qilinishicha, so‘nggi yillarda qo‘shma korxonalar soni o‘n barobarga ko‘paygan, amalga oshirilayotgan loyihalarning umumiy qiymati esa 20 milliard dollardan oshgan.
Tomonlar savdo va investitsiya aloqalarini yanada chuqurlashtirish imkoniyatlarini muhokama qildi. Muhokamalar davomida muqobil energetika, karbonsizlantirish, o‘ta muhim xomashyo resurslarini qayta ishlash, zamonaviy sanoat texnologiyalarini joriy etish kabi yo‘nalishlarda sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga alohida urg‘u berildi.
Shuningdek, qo‘shma dastur va loyihalarni tizimli ilgari surish maqsadida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha vazirlar darajasida hukumatlararo komissiya tashkil etish muhim ekani ta’kidlandi. Bu platforma yirik investitsiya tashabbuslarini muvofiqlashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti — JETRO hamda MDH mamlakatlari bilan savdo bo‘yicha assotsiatsiya — ROTOBO faol ishtirokida ishbilarmonlik aloqalarini yanada mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi. Bu kelishuv ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi taklifiga binoan 18-20-dekabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi va «Markaziy Osiyo + Yaponiya» birinchi sammitida ishtirok etadi.





