
Mirzo Ulug‘bek tumani bosh soliqchisi Dilshod Usmonov ishdan olinib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
U Inspeksiya binosini shaxsiy manfaatda ijaraga berib, 315 million so‘mni o‘zlashtirgani uchun tuman Davlat soliq inspeksiyasi rahbari lavozimidan ozod etildi.

Bu haqa prezident Sh.Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan selektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Prezident Toshkent shahrida soliq ma’murchiligi va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashda jiddiy tizimli muammolar mavjud ekanini ta’kidladi. Poytaxtda yashirin va kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi 60 trillion so‘mga yetgan bo‘lib, bu holat davlat budjetiga har yili kamida 7,5 trillion so‘m yo‘qotish keltirmoqda.
Aniqlangan qonunbuzarliklar orasida kadrlar mas’uliyati va nazorat mexanizmlarining zaifligi alohida qayd etildi. Xususan, Mirzo Ulug‘bek tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i Dilshod Usmonov lavozimidan ozod qilinib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. U inspeksiya binosining bir qismini shaxsiy manfaatlarda ijaraga berib, 315 million so‘m mablag‘ni o‘zlashtirgani aniqlangan.
Ishdan olinish sababi
Tekshiruvlar davomida mansabdor shaxsning xizmat faoliyatida guruhbozlik va maishatbozlik holatlariga yo‘l qo‘yilgani ham ma’lum bo‘ldi. Bu esa soliq organlarida ichki nazorat va axloqiy talablar yetarli darajada ishlamayotganini ko‘rsatadi.
Yashirin iqtisodiyotning salbiy oqibatlari ayniqsa soliq tushumlarida namoyon bo‘lmoqda. Masalan, aksiz solig‘i to‘lovchilar tomonidan ishlab chiqarish va realizatsiya hajmlarini yashirish orqali 66 milliard so‘m soliq to‘lanmagani aniqlangan.
Shuningdek, qo‘shimcha qiymat solig‘i tizimida ham jiddiy kamchiliklar bor. QQS to‘lovchilarning qariyb 30 ming nafari budjetga bir so‘m ham soliq to‘lamagan. Savdo, servis va umumiy ovqatlanish sohalarida esa kassa apparatlarining taxminan to‘rtdan biri umuman ishlatilmayotgani qayd etildi. Mas’ul idoralar faoliyati mutlaqo qoniqarsiz deb baholanmoqda.





