add

Misrlik Xolid Al-Anani UNESCO'ning yangi rahbari bo‘ldi

Bugun 16:251461

Samarqandda bo‘lib o‘tgan UNESCO konferensiyasida misrlik Xolid Al-Anani to‘rt yillik muddatga tashkilotning yangi bosh direktori etib saylandi. U Odri Azulening o‘rnini egallaydi.

Misrlik Xolid Al-Anani UNESCO'ning yangi rahbari bo‘ldi

Samarqand shahrida o‘tayotgan UNESCO sammitida tashkilotning yangi rahbari aniqlandi. Misrlik olim va sobiq vazir Xolid Ahmad Al-Anani 179 ovozdan 172 tasini qo‘lga kiritib, to‘rt yillik muddatga bosh direktor etib saylandi. U 15-noyabr kuni amaldagi rahbar Odri Azulening o‘rnini egallaydi.

54 yoshli Al-Anani UNESCO tarixida arab mamlakatidan saylangan ilk bosh direktor va Afrika qit’asidan bu lavozimni egallagan ikkinchi shaxs bo‘ldi. Undan avval bu lavozimni senegallik Amadu Maxtar M’Bou 1974–1987-yillarda bajargan edi.

Xolid Al-Anani Misrning Helvan universitetida misrshunoslik professori bo‘lib, bu sohada 30-yildan ziyod faoliyat yuritgan. U universitetda turizm va mehmonxona boshqaruvi fakultetida dekan o‘rinbosari, Ochiq ta’lim markazi direktori va kafedra mudiri lavozimlarida ishlagan.

Olim Fransiyaning Monpele shahridagi Pol Valeri universitetida falsafa doktori darajasini olgan. U shu yerda bir necha bor mehmon professor sifatida ham dars bergan.

2014–2016-yillarda Misr sivilizatsiyasi milliy muzeyini, 2015–2016 yillarda Qohiradagi Misr muzeyini boshqargan. Keyinchalik u 2016–2022-yillarda Misrning qadimiy yodgorliklar va turizm ishlari bo‘yicha vaziri sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2024-yilda esa Jahon sayyohlik tashkiloti tomonidan madaniy turizm bo‘yicha maxsus elchi sifatida tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi 30 oktyabrdan 13 noyabrgacha Samarqand shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Bu sessiya tashkilot tarixidagi so‘nggi 40 yil ichida Parijdan tashqarida o‘tkazilayotgan ilk anjuman bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid

Misrlik Xolid Al-Anani UNESCO'ning yangi rahbari bo‘ldi | Vaqt.uz