MobiUz 351 mln dollarga sotildi
MobiUz mobil operatorining 100 foiz davlat ulushini xususiylashtirish jarayoni yakunlandi. G‘olib taklif AQSHning McKim and Company kompaniyasi boshchiligidagi konsorsium tomonidan berildi va kompaniya 351 mln dollarga baholandi.
© Spot
Davlat aktivlari agentligi «Universal Mobile Systems» MCHJ (MobiUz) ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini sotish bo‘yicha xalqaro ochiq savdo jarayonlari yakunlanganini ma’lum qildi.
Xususiylashtirish jarayonida xalqaro konsultantlar jalb etildi. Xususan, «Rothschild & Co» strategik konsultant, «KPMG» moliyaviy konsultant va «Deloitte» mustaqil baholovchi sifatida ishtirok etdi.
Savdo jarayonlari xalqaro bozorlarda faol targ‘ib qilindi. Konsultantlar orqali 100 dan ortiq strategik va moliyaviy investorlar bilan muzokaralar o‘tkazildi. Shuningdek, bitim haqidagi ma’lumotlar Bloomberg va Financial Times kabi xalqaro nashrlarda yoritildi hamda investorlar uchun maxsus roud-shoular tashkil etildi.
«Natijada AQSH, Yaponiya, Fors ko‘rfazi davlatlari, Yevropa va Kavkazorti mintaqalaridan 15 dan ortiq investor jarayonda qatnashdi. Ularning 10 nafari dastlabki narx takliflarini taqdim etgan bo‘lsa, 6 nafar ishtirokchi MobiUz'ni sotib olish bo‘yicha majburiyat yuklovchi qat’iy taklif berdi», deyiladi xabarda.
Yakuniy bosqichda eng yaxshi taklif AQSHning «McKim and Company» kompaniyasi boshchiligidagi moliyaviy investorlar va texnologik hamkor «JVR Enterprises LLC» («JVR Capital Group») ishtirokidagi konsorsium tomonidan bildirilgan.
Taklifga ko‘ra, MobiUz kompaniyasining qiymati 351 mln dollar etib baholangan. Shu bilan birga, investorlar telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun 500 mln dollargacha qo‘shimcha investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda.
Davlat aktivlari agentligi ma’lum qilishicha, bitimning EV/EBITDA multiplikatori 7,4 barobarni tashkil etgan.
Bitimning kuchga kirishi uchun endilikda tegishli tartibga soluvchi organlar ruxsatlari olinishi hamda belgilangan korporativ va huquqiy tartib-taomillar bajarilishi lozim.
Xususiylashtirish jarayoni
Universal Mobile Systems (Mobiuz) ni xususiylashtirish bo‘yicha qaror 2022 yilgi davlat dasturi asosida qabul qilingan edi. 2025 yil aprel oyida esa bu qaror yangi farmon bilan rasman kuchga kirib, 10-iyul sanasida 100 foizlik davlat ulushi sotuvga qo‘yilgandi.
Dastlabki bosqichda 15 ta xalqaro va milliy kompaniya qiziqish bildirgan. Noyabr oyida esa agentlik Mobiuz'ni sotib olish uchun final bosqichida 10 ta kompaniya raqobatlashishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil yakunlari bo‘yicha Universal Mobile Systems 173,6 mlrd so‘mlik sof foyda ko‘rgan.