add

Mobiuz mobil operatori 300 mln dollarga sotilishi mumkin

17.07.2025 | 13:0010324

O‘zbekiston hukumati Mobiuz kompaniyasini 300 mln dollarga sotishni rejalashtirmoqda. Bloomberg xabariga ko‘ra, Qatar, Saudiya Arabistoni, Ozarboyjon va Yevropa kompaniyalari allaqachon qiziqish bildirgan.

Mobiuz mobil operatori 300 mln dollarga sotilishi mumkin
Bloomberg agentligi manbalariga tayanib yozishicha, O‘zbekiston hukumati mamlakatdagi yirik mobil operatorlardan biri — Mobiuz kompaniyasini sotishni rejalashtirmoqda. Sotuv narxi taxminan 300 mln dollar etib belgilangan. Ayni paytda Qatar, Saudiya Arabistoni, Ozarboyjon va Yevropadan bo‘lgan potensial investorlar tomonidan dastlabki qiziqish bildirilgan. Mutaxassislarning taxminlariga ko‘ra, ushbu investorlar orasida telekommunikatsiya sohasidagi yetakchi kompaniyalar — Qatar’ning Ooredoo, Saudiyaning stc hamda Ozarboyjonning Bakcell kompaniyalari bo‘lishi mumkin. Ularning har biri o‘z mamlakatlarida bozor yetakchilari hisoblanadi va rivojlanayotgan bozorlarga chiqishni ko‘zlagan. 2024 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda mobil aloqa abonentlari soni 35,6 mln nafarni tashkil etgan. Mobiuzning bozordagi ulushi esa 20,9 foizni tashkil qildi. Kompaniyaning yillik daromadi 164 mln dollar, foydasi esa (soliq va boshqa xarajatlardan oldingi hisobda) 41 mln dollar bo‘lgan. Analitiklar fikricha, 300 mln dollar — bunday ko‘rsatkichlarga ega operator uchun yuqori bahodek ko‘rinadi. Biroq bu yerda so‘z kompaniyaning o‘zi emas, balki O‘zbekiston bozoriga kirish imkoniyati haqida ketmoqda. Ya’ni, Mobiuzni sotib olish orqali investor mamlakat telekom bozorida muhim pozitsiyani qo‘lga kiritadi. Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, bu kabi oldindan narx ovoza qilinishi – xususiylashtirish jarayonidagi manipulyatsiya usuli bo‘lishi mumkin. Narxning haqqoniy shakllanishi talabgorlar soniga bog‘liq. Talabni sun’iy ravishda kamaytirish esa narxni tushiradi va korrupsion kelishuvlarga yo‘l ochadi. Solishtirish uchun, Qozog‘istonda Tele2 kompaniyasi 1 mlrd. dollarga sotilgan. Mobiuz'ning avvalgi bobosi Uzdunrobita esa 2004–2007 yillarda 371 mln. dollarga baholangan, abonentlari kamroq bo‘lgan holda. Shuningdek Bakirov, asosiy manfaat – bozorga kuchli xalqaro o‘yinchini jalb qilish orqali raqobatni oshirishdir, deydi. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, sotuv shartlariga kompaniyani kelgusida boshqa operatorlar bilan birlashtirish yoki aktivlarni qo‘shib yuborish imkoniyati ham kiritilishi mumkin. Agar bu tasdiqlansa, Mobiuzni sotib oluvchi tomon uchun bu yanada katta strategik ahamiyat kasb etadi.

Teglar

Mavzuga oid