add

Mo‘g‘ulistondan 100 ming bosh mayda shoxli mol olib kelinadi

18.07.2025 | 13:3038013

O‘zbekiston Prezidenti farmoniga ko‘ra, Mo‘g‘uliston bilan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida erishilgan kelishuvlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Bu yo‘nalishda chorvachilik, jun sanoati, eksport va ta’lim hamkorligi qamrab olingan.

Mo‘g‘ulistondan 100 ming bosh mayda shoxli mol olib kelinadi
O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida 2025–2026 yillarda agrosanoat sohasidagi hamkorlikni amalga oshirish bo‘yicha Prezident farmoni qabul qilindi. Hujjat 24–25 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi tashrifda erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlashni maqsad qiladi. Farmonga ko‘ra, Mo‘g‘ulistondan 100 ming bosh mayda shoxli mol olib kelinib, 2029 yilga qadar ularning soni 1 million boshga yetkaziladi. Shuningdek, jun va kashemirni qayta ishlash, meva-sabzavot eksportini 10 barobarga oshirish va mutaxassislar tayyorlash kabi yo‘nalishlar belgilandi. Import jarayonlarini rag‘batlantirish maqsadida tadbirkorlarga havo transporti xarajatlarining 50 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi, QQS to‘lovi esa kechiktirilgan holda amalga oshiriladi. Shuningdek, banklar orqali 10 foiz stavkada kreditlar, sug‘urta bilan bog‘liq yengilliklar ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, Mo‘g‘ulistonda «O‘zbekiston mahsulotlari» yarmarkalari tashkil qilinishi, Ulan-Batorda savdo stendlari va ikki tomonlama savdo uylari ochilishi belgilangan. Mayin jundan ip va mato ishlab chiqarish bo‘yicha ham tajriba almashuvi va mahalliy korxonalarda qo‘shma ishlab chiqarish tashkil etiladi. Mevali ko‘chatlarni yetkazish, intensiv bog‘lar barpo etish, Toshkent agrar universiteti va Mo‘g‘uliston tabiiy fanlar universiteti o‘rtasida magistratura dasturlari joriy etish ham farmonda qayd etilgan. Barcha chora-tadbirlar yuzasidan mas’ullar aniq belgilab berilgan.

Teglar

Mavzuga oid