
Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga zotdor qo‘ylar importi boshlandi
16.08.2025 | 20:007453
Mo‘g‘ulistondan yetkazilishi kutilgan 100 ming bosh qo‘yning dastlabki mingtasi 16 avgust kuni yurtimizga kirib keldi, deb xabar bermoqda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi.

Ular «Bayad» zotli qo‘ylar bo‘lib, Navoiy viloyatida ko‘paytirish uchun aviareys orqali yetkazildi.
Rejaga ko‘ra, oktyabr oyi oxiriga qadar 60 ta reysda 50 ming bosh, noyabr–dekabrda yana 50 ming bosh qo‘y olib kelinadi. Shunday qilib, 2025 yil yakuniga qadar umumiy hisobda 100 ming bosh qo‘y O‘zbekistonga keltiriladi.
Safar doirasida qo‘mita raisi Bahrom Norqobilov va Mo‘g‘uliston bosh vaziri o‘rinbosari S.Amarsayxan muzokaralar o‘tkazdi. Unda qo‘y va echki eksporti uchun davlat boji 18 dollardan 7 dollarga tushirilishi yuzasidan kelishuvga erishildi.
Prezident қарорига ko‘ra, 2025–2026 yillarda Mo‘g‘ulistondan 100 ming bosh mayda shoxli mol olib kelinib, mahalliy sharoitda ko‘paytirish orqali ularning soni 2029 yilgacha 1 million boshga yetkaziladi. Shuningdek, jun va kashemirni qayta ishlash, Mo‘g‘ulistonga meva-sabzavot eksportini ko‘paytirish va qishloq xo‘jaligi sohasida mutaxassislar tajribasini almashish rejalashtirilgan.
Davlat qo‘llovi doirasida 2025 yil 1 avgustdan 2027 yil 31 dekabrga qadar tadbirkorlar Mo‘g‘ulistondan qo‘y va echki import qilganda aviatashish xarajatlarining 50 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.





