
Moldova MDHni tark etish jarayonini boshladi
Moldova hukumati mamlakatning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH)dagi a’zoligiga asos bo‘lgan uchta asosiy kelishuvni denonsatsiya qilish tartibini boshladi.

Moldova bosh vazir o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri Mixay Popshoy «Radio Moldova» efirida ma’lum qilishicha, gap MDH nizomi, MDHni tashkil etish to‘g‘risidagi bitim va unga ilova qilingan hujjatlardan rasman chiqish haqida bormoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu hujjatlar bekor qilinganidan keyin Moldova yuridik jihatdan MDH a’zosi bo‘lishni to‘xtatadi. «Amalda esa mamlakatning tashkilotdagi ishtiroki ancha oldin to‘xtatilgan edi», — dedi Popshoy.
Vazirning ta’kidlashicha, denonsatsiya qilinishi rejalashtirilgan hujjatlar parlamentga kiritiladi va yakuniy qaror qonun chiqaruvchi organ tomonidan qabul qilinadi. Shundan so‘ng Moldovaning MDHdan chiqishi rasmiy va huquqiy jihatdan yakunlanadi.
Moldova hukumati so‘nggi yillarda Rossiya boshchiligidagi integratsiya tuzilmalaridan izchil ravishda uzoqlashib, Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish siyosatini olib bormoqda. Kishinyov bu yo‘lni mamlakatning uzoq muddatli strategik tanlovi deb baholamoqda.
Shu bilan birga, mintaqadagi siyosiy va iqtisodiy vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Dnestrbo‘yi hududida gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolayotgani sababli favqulodda iqtisodiy holat uzaytirilgan. Rossiya esa o‘z fuqarolarini Moldovaga safar qilishdan tiyilishga chaqirgan.
MDH — 1991 yilning 8-dekabri sovet ittifoqi tarqalishi haqida «Belovej bitimi» imzolaganidan so‘ng Rossiya Federatsiyasi, Ukraina va Belarus tomonidan asos solingan tuzilma bo‘lib, Boltiqbo‘yi respublikalaridan boshqa 12 ta respublika unga kirgan. Turli yillarda Gurjiston (2008) va Ukraina (2014) uni tark etgan. Turkmaniston esa 1991 yildan buyon assotsiatsiyalashgan a’zo hisoblanadi.
Ayni damda MDHga 8 ta davlat a’zo: Rossiya, Qozog‘iston, Ozarboyjon, Armaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Belarus.





