
Moskva shahri va Moskva oblastidagi migrantlar harakati politsiya tomonidan onlayn kuzatiladi
20.05.2025 | 21:4423413
Rossiya Davlat Dumasi 2025 yildan boshlab Moskva va Moskva oblastidagi migrantlarning geolokatsiya ma’lumotlarini majburiy ravishda IIVga taqdim etishini talab qiluvchi qonun qabul qildi. Bu 4 yillik eksperiment ko‘rinishida amalga oshirilib, tizimga rioya qilmaganlar Rossiya hududida bo‘lish huquqidan mahrum etiladi.

Rossiya parlamenti 20 may kuni mehnat migrantlari va boshqa xorijliklarning harakatlanishini kuzatishga qaratilgan yangi qonunni qabul qildi. Unga ko‘ra, Moskva va Moskva ostonasida uzoq muddat bo‘lib turuvchi fuqarolar 2025 yil sentyabridan boshlab maxsus mobil ilova orqali o‘z geolokatsiya ma’lumotlarini IIVga taqdim etishi shart bo‘ladi.
Qonun 4 yillik pilot loyiha sifatida joriy etiladi. Geolokatsiya ma’lumotlari 3 kundan ortiq vaqtda taqdim etilmasa, shaxs maxsus nazorat ro‘yxatiga kiritilib, unga Rossiya hududida bo‘lish taqiqlanishi mumkin. Qoidalar 90 kundan ortiq Rossiyada bo‘lib turgan barcha xorijliklarga taalluqli. Diplomatlar va Belarus fuqarolari bundan mustasno.
Qonun dastlab faqat patent orqali ikki hududda ishlashga ruxsat berishni nazarda tutgan edi. Ammo ikkinchi o‘qishda unga geolokatsiya nazoratiga oid jiddiy o‘zgartirishlar kiritildi. Migratsiya siyosatidagi umumiy qattiqlashuv fonida ushbu choralar yanada ahamiyat kasb etmoqda.
So‘nggi oylarda politsiya reydlari, migratsiya hisobini buzganlar ustidan jinoyat ishlari ko‘payayotgani kuzatilmoqda. Ayrim maktablar esa rus tilini bilmaydigan migrant bolalarni qabul qilishdan bosh tortmoqda. Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin migrantlar orasida jinoyatchilik o‘sib borayotgani haqida gapirgan, biroq aniq raqamlar keltirmagan.





