
Moskvaga maxfiy taklif: AQSH Rossiyani qanday «mukofotlamoqchi»?
07.08.2025 | 20:4013403
AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Moskvaga tashrifi davomida Kremlga Ukrainadagi o‘t ochishni to‘xtatish evaziga jiddiy imtiyozlarni o‘z ichiga olgan taklifni taqdim etdi.

Onet nashriga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoffning Moskvaga safari chog‘ida Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish evaziga bir nechta siyosiy va iqtisodiy imtiyozlarni o‘z ichiga olgan taklif berilgan.
Taxminiy kelishuvga ko‘ra, agar Moskva muzokaralarga rozilik bildirsa, u «juda ko‘p yutuqlarni» qo‘lga kiritishi mumkin. Taklifdagi eng asosiy bandlardan biri — Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududlarini AQSH tomonidan rasman tan olish muddatini 49 yoki 99 yilga kechiktirishdir. Bu esa ma’lum muddatga ushbu hududlar ustidan Moskva nazorati tan olinishini anglatadi.
Bundan tashqari, Vashington Moskvaga qarshi joriy qilingan sanksiyalarning katta qismini bekor qilish, shuningdek, energetika sohasida, xususan, Rossiyadan neft va gaz yetkazib berishni qayta tiklash imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qilgan.
Shu bilan birga, taklifda barqaror tinchlik haqida emas, faqat o‘t ochishni to‘xtatish masalasi tilga olingan. NATOni kengaytirmaslik yoki Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatish kabi Moskvaning talablari esa hujjatda keltirilmagan.





