
Muddatli to‘lovga uy olish umididagi 800 kishi 209 mlrd so‘mga aldandimi?
27.05.2025 | 17:4038192
Toshkent shahrida «IN-FIN-STORY INVEST» va «CREDIT HOUSE» MCHJ mansabdorlariga nisbatan yirik firibgarlik ishi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda 800 nafar fuqaro jabrlanuvchi sifatida e’tirof etilgan.

IIV Tergov departamenti ma’lumotiga ko‘ra, ushbu kompaniyalar ko‘p qavatli uylarni shartnoma orqali muddatli to‘lov asosida sotishni va’da qilib, fuqarolardan jami 209 mlrd 263 mln so‘m miqdorida pul mablag‘larini qabul qilgan, ammo majburiyatlarini bajarmagan.
Jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi "a" bandi (katta miqdordagi firibgarlik) bilan qo‘zg‘atilgan. Hozirgacha ishga aloqador 5 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilingan. Tergov ishlari davom etmoqda.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov boshchiligida maxsus tezkor shtab tuzilgan. Mazkur shtab IIVning Transport va turizm ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti binosida har kuni soat 09:00 dan 21:00 gacha faoliyat yuritmoqda. Jabrlanuvchilardan murojaat qilish so‘ralmoqda.





