
Muhammad Sinvarning jasadi tunneldan topildi
09.06.2025 | 18:0035844
Isroil harbiylari «Hamas» qo‘mondoni Muhammad Sinvarning jasadi G‘azodagi Yevropa kasalxonasi ostidagi tunneldan topilganini ma’lum qildi. Bu holat G‘azo urushida yangi bosqich boshlanganini anglatishi mumkin.

Isroil Mudofaa kuchlari 13 may kuni G‘azoning Xan Yunus shahrida amalga oshirilgan havo hujumida «Hamas»ning harbiy rahbarlaridan biri Muhammad Sinvar nobud bo‘lganini ma’lum qildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, uning jasadi yaqinda Yevropa kasalxonasi ostida joylashgan yashirin tunneldan topilgan. Isroil tomoni shaxsni DNK tahlili orqali aniqlaganini bildirdi.
Shu tunneldan «Hamas»ning Rafah brigadasi qo‘mondoni Muhammad Sabanehning jasadi ham topilgan. Har ikki jasad bilan birga qurollar, razvedkaga oid hujjatlar va shaxsiy buyumlar aniqlangan. Tunneldan topilgan boshqa jasadlarning shaxsini aniqlash ishlari davom etmoqda.
Isroil rasmiylari jurnalistlarga ushbu tunnelni namoyish qildi. Videoyozuvlarda tor yer osti yo‘laklari, devorga suyantirilgan avtomatlar, kiyimlar va jihozlar ko‘zga tashlangan. Bir lavhada jasadning arqon yordamida tashqarga chiqarilayotgani ham aks etgan.
Isroil armiyasi vakili, brigada generali Efi Defrin bu holat «Hamas»ning fuqarolik infratuzilmasidan harbiy maqsadlarda foydalanayotganini yana bir bor tasdiqlayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kasalxonalar va maktablardan harbiy baza sifatida foydalanish xalqaro huquqni buzishdir.
«Hamas» esa kasalxonalarni harbiy maqsadda ishlatish ayblovlarini rad etib kelmoqda. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 2024 yil aprelda Al-Ahli kasalxonasiga qilingan hujumdan so‘ng tibbiyot muassasalari xalqaro himoya ostida bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan edi.
Muhammad Sinvar 1980-yillarda «Hamas» safiga qo‘shilgan, Xan Yunusdagi brigadaga rahbarlik qilgan va harakat yetakchilaridan biri Muhammad Deyfga yaqin bo‘lgan. Isroil razvedkasi 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumni u rejalashtirgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
2023 yil oktyabrda «Hamas» hujumida 1 200 nafar isroillik halok bo‘lgan, 251 kishi garovga olingan. Bundan so‘ng Isroil G‘azoga keng ko‘lamli harbiy harakat boshlagan. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, urush boshlangandan buyon kamida 54 880 kishi halok bo‘lgan.





