Logo

Mutaxassis Farg‘ona vodiysida yuz berishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy zilzilaga baho berdi

Seysmik xaritaga ko‘ra, vodiyning 90 foizdan ortiq hududi 8 ballli zonaga kiradi.

Mutaxassis Farg‘ona vodiysida yuz berishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy zilzilaga baho berdi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona vodiysida yaqin vaqtlarda kuchli zilzila sodir bo‘lishi haqida tarqalayotgan xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Akademiya aholini tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ishonmaslikka va asossiz vahimaga berilmaslikka chaqirdi.

Seysmologiya instituti laboratoriya mudiri Ulfat Nurmatovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston hududi tabiatan seysmik faol mintaqada joylashgan va bu yerda zilzila keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan yirik yer yoriqlari ilmiy jihatdan to‘liq o‘rganilgan. Shu asosda respublika bo‘yicha seysmik xavf xaritalari ishlab chiqilgan va barcha qurilish ishlari aynan shu me’yorlar asosida amalga oshiriladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yirik shaharlar uchun ham seysmik xaritalar mavjud bo‘lib, ular qurilayotgan binolarning mustahkamligiga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi.

Asossiz vahimaga o‘rin yo‘q

Mutaxassisning qayd etishicha, Farg‘ona vodiysida oxirgi kuchli zilzila 2011 yildagi Kon zilzilasi bo‘lib, uning magnitudasi 6,4 ni tashkil etgan. Undan keyin bunday kuchli zilzilalar kuzatilmagan.

Hozirgi vaqtda 5–5,5 magnitudali zilzilalar vaqti-vaqti bilan sodir bo‘lib turadi, ammo ularning kuchi nisbatan past hisoblanadi. Yirik seysmik faol hududlar asosan Tojikiston va Pomir tomonlarida joylashgan bo‘lib, u yerdagi kuchli zilzilalarning ta’siri 9 balldan oshmaydi.

Afg‘oniston hududida tez-tez sodir bo‘lib turadigan zilzilalar o‘chog‘i esa ancha pastda asosan 250, salkam 300 kilometr chuqurlikda joylashgan bo‘ladi.

«Markaziy Osiyoning hamma respublikalari bu zilzila ta’sirini his qiladi, lekin bularning kuchi hech qachon 8-9 ball darajaga yetmaydi, chunki u chuqurda so‘nib boradi», — deydi mutaxassis.

95 foizlik kafolat

Nurmatovning ma’lum qilishicha, Farg‘ona vodiysi uchun tuzilgan seysmik xaritaga ko‘ra, hududning 90 foizdan ortig‘i 8 ballli zonaga kiradi. Faqat Andijon shahrining sharqiy qismida ayrim holatlarda 9 ballli silkinish ehtimoli mavjud.

Qayd etilishicha, bu darajadagi zilzilalarning sodir bo‘lishi uchun mavjud bo‘lgan yer yoriqlari o‘zining maksimal seysmik potensialini yuzaga chiqarishi kerak. Shunday bo‘lgan taqdirda ham silkinish 8 balldan oshmaydi.

Shu bilan birga, baholashlarga ko‘ra, keyingi 50 yil ichida mazkur hududda zilzila kuchi 8 balldan oshmaslik ehtimoli 95 foizni tashkil etadi.

«Bugungi kundagi Farg‘ona vodiysidagi real ahvol: asosiy qismi sakkiz ball, Andijon shahrining sharqiy qismida to‘qqiz ballga teng bo‘lgan silkinish yuzaga kelishi mumkin. Agarda o‘sha yer yoriqlari o‘zining maksimal potensialini ishlata olsa. Endi buni qachon ishlatadi? Buni ehtimoli nihoyatda kam, o‘shaning uchun aholi hech qanaqa vahimaga tushishga asos yo‘q», — dedi mutaxassis.

Teglar

Mavzuga oid