
Namanganda 6 oyda birorta ham yolg‘on «103» chaqiruvi bo‘lmagan
10.07.2025 | 18:0040893
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarim yilligida «103» xizmatiga kelib tushgan 849 ta yolg‘on chaqiruvdan biri ham Namanganda qayd etilmagan. Bu respublika bo‘yicha yagona hudud sifatida e’tirof etildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining xabar berishicha, 2025 yilning yanvar–iyun oylarida tez tibbiy yordam xizmatiga jami 6 mln 912 mingdan ortiq chaqiruv kelib tushdi. Ulardan 849 tasi yolg‘on chaqiruvlar deb topilgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 406 taga kamaygan.
Eng ko‘p yolg‘on chaqiruvlar Surxondaryo viloyatida kuzatilgan — 177 ta. Qashqadaryoda 140 ta va Samarqandda 127 ta yolg‘on murojaat qayd etilgan. Shu bilan birga, Sirdaryo viloyatida atigi 11 ta shunday chaqiruv ro‘yxatga olingan bo‘lsa, Namanganda — birorta ham yolg‘on chaqiruv bo‘lmagan.
Joriy yilning birinchi yarmida «103» xizmati tomonidan amalga oshirilgan chaqiruvlardan 5 mln ga yaqini shoshilinch holatlar bo‘yicha bajarilgan. Qolganlari esa surunkali kasalliklar, bemorlarni tashish va tug‘ruq bilan bog‘liq holatlarga to‘g‘ri kelgan.
Chaqiruvlar soni bo‘yicha Toshkent shahri 718 mingdan ortiq murojaat bilan birinchi o‘rinda turibdi. Farg‘ona, Surxondaryo, Namangan va Andijon viloyatlari keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Eng kam chaqiruv esa Navoiy, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida kuzatildi.
Joriy yil iyul oyining ilk haftasida kuzatilgan kuchli issiqlar paytida mamlakat bo‘ylab 247 mingdan ziyod chaqiruv qayd etilgan. Bunday holatlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa tashkilotlar aholini ehtiyotkorlikka chaqirib, profilaktik tavsiyalar berib bordi.





