add

Namanganda ayol ukasi uysiz qolganidan shikoyat qilib, hokimning konteyner uyiga xat yopishtirib ketdi

24.09.2025 | 12:3041234

Namanganda uysiz qolgan ayol tuman hokimi konteyner uyiga alamli xat qoldirib, unda onasining sarson-sargardonlikda vafot etgani va ukasi uysiz qolganini yozdi.

Namanganda ayol ukasi uysiz qolganidan shikoyat qilib, hokimning konteyner uyiga xat yopishtirib ketdi
Namangan viloyati Norin tumanida yashovchi Salima Qo‘ldosheva uysizlik muammosi bilan bog‘liq holda tuman hokimi Jo‘rabek Nurmatovga murojaat etdi. U Sho‘rariq mahallasida joylashgan hokimning konteyner uyiga xat qoldirib, oilasining og‘ir ahvoli haqida yozdi.
«Norin tuman hokimiga xat Sizning qaroringiz tufayli biz oilaviy uysiz qolgan edik. Onam sarson-sargardonlikda vafot etdi. Men turmush qurganman, ukam esa hanuz uysiz, uylanolmay, vatan qilolmay yuribdi. Ishonamizki, siz qachondir o‘z uyingizga qaytasiz, biz esa 13 yildan beri qaytolmayapmiz», — deyiladi xatda.
Salima Qo‘ldosheva ukasi o‘z otasidan qolgan uy-joyga 13 yildan buyon ega bo‘lolmayotganini bildirib, masalaga hokimning shaxsan e’tibor qaratishiga umid bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu muddat davomida turli idoralarga murojaat qilingan, biroq muammo hal etilmagan. Vaqt.uz vaziyat yuzasidan Norin tuman hokimligi matbuot kotibi Nosirjon Hasanov bilan bog‘landi. Uning aytishicha, murojaat qilgan qizning onasi turmush o‘rtog‘i vafotidan so‘ng uy-joydan voz kechish dalolatnomasiga imzo qo‘ygan va boshqa shaxsga turmushga chiqqan.
«Xat qoldirgan qizning onasi shar’iy nikoh bilan ikkinchi tumushga chiqqan. Dadasining avvalgi turmushidan 4 ta farzandi bo‘lgan va dadasining vafotidan so‘ng onasi uy-joydan da’vom yo‘q, degan dalolatnomaga imzo qo‘yib boshqa insonga turmushga chiqib ketgan. Salima Qo‘ldosheva esa turmushga chiqqan. Hozir u ukasi uchun To‘da qishlog‘idagi dadasidan qolgan uyga da’vo qilyapti. Bu uyda rasmiy merosxo‘rlar istiqomat qilib kelishmoqda. Bu borada hokim biror qaror chiqargan emas. Bunday xatdan maqsad jamoatchilikning e’tiborini mavjud muammoga qaratish. Lekin meros masalasidagi yakuniy qarorni tuman hokimi emas, faqat sud chiqarish vakolatiga ega», dedi Nosirjon Hasanov.
Eslatib o‘tamiz, Jo‘rabek Nurmatov 2021 yilning 22 dekabr kuni Namangan viloyati Norin tumani hokimi etib tayinlangan.

Teglar

Mavzuga oid