
Namanganda kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan giyohvand moddalar fosh etildi
Qirg‘iziston Respublikasidan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan qiymati 3,2 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan, 24122 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari hamda 45 turdagi jami 61 287 dona kontrafakt dorilari aniqlangan.
Davlat xavfsizlik xizmati Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari Chegara qo‘shinlari, Ichki ishlar va Bojxona boshqarmalari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirlar davomida bir nechta qonunbuzarlik holatlari aniqlandi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi. (https://t.me/xavfsizlik_uz/1744)
Birinchi holatda, Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi 1975 yilda tug‘ilgan shaxs «o‘zbek-qirg‘iz» davlat chegarasining Uychi tumanidagi Yangiyer mahallasi hududi orqali Qirg‘izistondan noqonuniy tarzda O‘zbekistonga kirib kelgan paytda qo‘lga olingan. Uning sumkasidan 9 kilogramm 702 gramm «gashish» moddasi topilgan.
Tergov natijasida ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 223-moddasi 1-qismi va 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Sud qarori bilan unga «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Ikkinchi holatda, Namangan shahrida yashovchi 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali Yangiqo‘rg‘on tumani hududiga kontrabanda yo‘li bilan kiritilgan, taxminiy qiymati 3,2 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan dori vositalarini qabul qilayotgan vaqtida to‘xtatib qolingan.
Uning yonidan 24122 dona «Regapen» va 4880 dona «Tropikamid» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari hamda 45 turdagi jami 61287 dona kontrafakt dori topilgan.
Tadbirning davomi sifatida, ushbu dori vositalarini buyurtma qilgan shaxslar va kurerlar aniqlangan. Namangan shahri va Kosonsoy tumanida yashovchi besh nafar fuqaro ushbu noqonuniy savdoda ishtirok etgani ma’lum bo‘lgan. Ular dorilarni Toshkent shahri hamda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida sotish bilan shug‘ullangan.
Hozirda barcha shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yil boshidan buyon 2,5 tonnaga yaqin giyohvand moddalar ushlab qolingani haqida xabar bergan edik.





