add

Namanganda o‘qituvchilarning pulini «shilish» uchun tuzilgan «bunker» aniqlandi

20.11.2025 | 19:265512 Daqiqa

Namanganda ta’lim mas’ullari o‘qituvchilardan pul undirib, attestatsiya testlarini «bunker» orqali masofadan hal qilib berish sxemasini yo‘lga qo‘ygani aniqlandi.

Namanganda o‘qituvchilarning pulini «shilish» uchun tuzilgan «bunker» aniqlandi

Namangan shahrida ta’lim tizimida ishlovchi mansabdor shaxslar tomonidan tashkil qilingan «bunker» fosh etildi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Qayd etilishicha, Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori o‘rinbosari, Namangan davlat texnika universiteti bo‘lim boshlig‘i hamda ushbu bo‘lim mutaxassisi va boshqalar o‘zaro til biriktirib, malaka toifalarini belgilash uchun o‘tkazilgan attestatsiya imtihonlari doirasida test sinovlarini topshirishlarida pedagog o‘qituvchilarga moddiy manfaat evaziga «bunker» orqali masofadan turib yordam bergan.

DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari «bunker» sifatida foydalanilayotgan xonadonni ko‘zdan kechirganda ushbu manzilda test savollarini yechishga jalb qilingan 12 nafar o‘qituvchi borligi aniqlangan. Noutbuk, 30 dona har xil turdagi eshitish moslamasi va yashirin kameralar, 8 dona «Wi-Fi» router va boshqa buyumlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

«Tergovga qadar tekshiruv tadbirlari davomida, maktab direktori o‘rinbosari va boshqalar imtihon natijalarini ijobiy hal qilib berishga ishontirgan holda, viloyatdagi pedagog o‘qituvchilarning ma’lum bir qismidan 1300-1500 dollardan talab qilib, joriy yil sentabr-oktabr oylarining o‘zida 25 ming dollar miqdorida pul mablag‘i yig‘ib olishgan», - deyiladi xabarda.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksning 168-moddasi 3-qismi “b” bandi va 28,211-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Davlatobod tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori o‘rinbosari hamda «bunker»ni boshqarayotgan, 2001 y.t. fuqaro muqaddam aynan shunday jinoyat sodir etgani uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar hisoblanadi», - deyiladi xabarda.

Teglar

Mavzuga oid

Namanganda o‘qituvchilarning pulini «shilish» uchun tuzilgan «bunker» aniqlandi | Vaqt.uz