add

Namangandan Surxondaryogacha: 22 kilogrammdan ortiq giyohvand moddalar musodara qilindi

22.07.2025 | 10:3028663

Davlat xavfsizlik xizmati va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligida mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan keng ko‘lamli operatsiyalar davomida 22 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalari musodara qilindi. Ularning aksar qismi chet eldan noqonuniy yo‘llar orqali olib kirilgan.

Namangandan Surxondaryogacha: 22 kilogrammdan ortiq giyohvand moddalar musodara qilindi
Surxondaryo viloyatining Denov tumanida to‘xtatilgan «Kobalt» avtomashinasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan, avval sudlangan shaxsdan 9 kg «gashish» topildi. Bu modda Tojikistonlik narkokurerlar orqali olib kirilgani ma’lum qilindi. Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tadbirda ikki fuqaroning avtomobilidan qariyb 6 kg «gashish» chiqdi. Ular ushbu moddani har kilogrammini 89 mln so‘mdan sotish niyatida bo‘lgan. Shuningdek, giyohvand moddani Qirg‘izistondan olib kirgan guruh yetakchisi ham qo‘lga olindi. Namanganda Farg‘ona viloyatidan kelgan fuqaro 4 kilogrammga yaqin «gashish» moddasini 38 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan vaqtda ushlandi. Uning xonadondan qo‘shimcha 868 gr modda aniqlandi. Oltinsoy tumanida 2 fuqaro Tojikistondan keltirilgan 1,9 kg «opiy»ni 200 mln so‘mga sotishga uringan paytda ushlangan. Shuningdek, Sirdaryoda ham ikki shaxs 943 gr «opiy»ni sotmoqchi bo‘lganida ushlangan. Jami 22 kg 585 gr giyohvandlik vositasi qonuniy muomalaga chiqishi oldi olindi. Barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar qamoqqa olindi. Tergov ishlari davom etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid