add

Namangandan Toshkentgacha: DXX bir qator korrupsion holatlarni fosh etdi

04.10.2025 | 23:3126153

Namangan, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari hamda Toshkent shahrida mansabdor shaxslarning pora olish va tamagirlik holatlari aniqlanib, ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Namangandan Toshkentgacha: DXX bir qator korrupsion holatlarni fosh etdi
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi departament tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Namangan, Farg‘ona, Samarqand viloyatlari hamda Toshkent shahrida mansabdor shaxslarning pora va tamagirlik holatlari aniqlandi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar bermoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Namangan viloyati hakamlik sudi sudyasi Chust tumanidagi noturar binoga egalik huquqi bo‘yicha hal qiluv qarorini chiqarish uchun fuqarodan 3200 dollar talab qilgan. Ushbu mablag‘ni qabul qilayotgan paytda sudya ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Farg‘ona viloyatidagi tezkor tadbirda esa Veterinariya va chorvachilik boshqarmasi mutasaddisi fermer xo‘jaligiga guvohnoma rasmiylashtirib berish evaziga 500 dollar olgan vaqtda qo‘lga olindi. Dastlabki surishtiruv davomida mazkur mablag‘ boshqarma boshlig‘i o‘rinbosariga berilishi aniqlanib, u ham 300 dollarni qabul qilayotganida ushlangan. Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida MCHJ rahbari ikki fuqaroning ish stajini soxtalashtirib, pensiya tayinlash uchun 2000 dollar talab qilgan. U kelishilgan mablag‘dan 1900 dollarni olayotganda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan. Poytaxtda ham shunga o‘xshash holat qayd etildi. Kanallardan foydalanish boshqarmasi bo‘lim boshliqlari ikki nafari qurilish kompaniyasidan 60 million so‘mlik jarimani bekor qilish va «rahnamolik» qilish evaziga 30 million so‘mni olgan vaqtlarida ushlangan. Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Namangandan Toshkentgacha: DXX bir qator korrupsion holatlarni fosh etdi | Vaqt.uz