
National Geographic: Xiva Markaziy Osiyoning eng yaxshi saqlangan shaharlaridan biri
National Geographic jurnali Xiva haqida fotoreportaj e’lon qildi. Materialda shaharning tarixiy muhiti va zamonaviy hayoti uyg‘un tarzda yoritilgan.

Toshkent, O‘zbekiston — Mashhur xalqaro nashr National Geographic «Is this Central Asia’s best-preserved medieval settlement? See Khiva in pictures» («Bu Markaziy Osiyoning eng yaxshi saqlangan o‘rta asr shahri emasmi? Xivani suratlarda ko‘ring») sarlavhali fotoreportaj e’lon qildi. Material O‘zbekistonning qadimiy shahri — Xivaga bag‘ishlangan.
Nashr Xivani Markaziy Osiyodagi eng yaxshi saqlangan o‘rta asr shaharlaridan biri sifatida tavsiflab, uning betakror me’moriy qiyofasi va boy tarixi bilan birga, hozirgi zamon hayoti bilan uyg‘unligini alohida ta’kidladi.
Muallif yozishicha, Xivada go‘yo vaqt to‘xtab qolgandek: shahar devorlari, baland minorlar, tor ko‘chalar va xom g‘ishtli uylar o‘tmishning bebaho muhitini saqlab qolgan. Fotoreportaj sahar paytidagi kadrlardan boshlanib, quyosh nurlari ostida porlayotgan qadimiy binolarning go‘zalligi aks ettirilgan.
Alohida suratlarda mahalliy hunarmandlar faoliyati yoritilgan — ular asrlar davomida shakllangan san’at an’analarini davom ettirib, cho‘pdan naqsh o‘yish, o‘yma ustunlar yaratish va milliy sovg‘alar tayyorlash bilan shug‘ullanishadi. Shu bilan birga, Xiva aholisining kundalik hayoti — tanurda non yopadigan ayollar, ko‘cha sotuvchilari va an’anaviy chayxonalardagi tinch hayot ham suratlarda jonli tarzda ko‘rsatilgan.
Material so‘ngida ta’kidlanishicha, Xiva — bu faqat muzey emas, balki jonli shahar bo‘lib, u yerda madaniy meros zamonaviy rivojlanish bilan uyg‘un yashamoqda.
National Geographic fotoreportaji orqali xalqaro auditoriya O‘zbekistonning tarixiy shaharlarini asrab-avaylash va mehmondo‘stlik an’analarini qanday ehtiyotkorlik bilan saqlayotganini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi.





