add

NATO bosh kotibi: «Putinda pul ham, askar ham, g‘oya ham qolmayapti»

25.10.2025 | 09:006452

Mark Ryutte Londondagi uchrashuvda Rossiyaning resurslari tez tugayotganini aytdi. Unga ko‘ra, ruslar frontdagi kichik yutuqlar uchun ham ulkan yo‘qotishlar bilan to‘lov qilmoqda.

NATO bosh kotibi: «Putinda pul ham, askar ham, g‘oya ham qolmayapti»

Londonda «ko‘ngillilar koalitsiyasi» uchrashuvidan keyin bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida NATO bosh kotibi Mark Rutte Rossiyaning harbiy va iqtisodiy salohiyati izdan chiqayotganini bildirdi.

«Yuz minglab rossiyaliklar Putinning tajovuzi yo‘lida halok bo‘lmoqda. Ukraina esa mardonavor himoyalanmoqda va biz bergan yordam o‘z samarasini bermoqda. Haqiqat shundaki, Putinda pul ham, askar ham, g‘oya ham tugayapti», — dedi Rutte.

Uning ta’kidlashicha, Rossiya armiyasi frontda faqat ozgina ilgarilashlarga erishmoqda, ammo bu katta yo‘qotishlar evaziga amalga oshmoqda. NATO rahbari shu bilan birga AQSH prezidenti Donald Trampning janglarni mavjud front chizig‘ida to‘xtatish haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatladi. «Rossiyaga bosimni kuchaytirish va Ukraina uchun adolatli tinchlikni o‘rnatish vaqti keldi», — dedi u.

Rutte Yevropa ittifoqi davlatlari va Kanada tomonidan Kiyevga berilayotgan qo‘shimcha harbiy yordamni ham olqishladi.

«Maydondagi voqealar Ukrainaga bo‘lgan qo‘llab-quvvatlovimiz ish berganini ko‘rsatmoqda. Biz shu yo‘nalishda davom etishimiz kerak», — dedi NATO bosh kotibi.

16-oktyabrda Ryutte NATO mamlakatlarining Rossiyaga nisbatan iqtisodiy va harbiy ustunligini esga solgan edi. «Biz Rossiyadan 25 barobar kattamiz. NATO iqtisodiyoti 50 trln dollar, Rossiyaniki esa bor-yo‘g‘i 2 trln — bu Texas shtati darajasida», — degan u, Moskva salohiyatini ortiqcha baholamaslikni chaqirgan.

Bundan bir necha kun avval Sloveniyada so‘zga chiqqan Ryutte Rossiya dengiz floti holatini kinoya bilan izohlab, «Moskva endi faqat bittagina ishdan chiqqan suvosti kemasi bilan maqtana oladi», degan. «Bu endi «Qizil Oktyabrni qidirish» emas, balki «eng yaqin mexanikni qidirish»ga aylandi», — degan NATO rahbari Tom Klensining mashhur romaniga ishora qilib.

Teglar

Mavzuga oid