add

NATO sammitining asosiy e’tibori Donald Trampda

21.06.2025 | 12:0041964

2025 yildagi NATO sammitida 32 davlat rahbari ishtirok etadi, ammo e’tibor markazida AQSH prezidenti Donald Tramp bo‘ladi. Uning talablari nafaqat kun tartibini, balki ittifoqning birdamligini ham shakllantirmoqda.

NATO sammitining asosiy e’tibori Donald Trampda
Kelasi hafta Haaga shahrida bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida tashkilot bosh kotibi Mark Ryutte asosiy e’tiborni AQSH prezidenti Donald Trampni rozi qilishga qaratadi. Sammitda mudofaa xarajatlarini oshirish asosiy mavzulardan biri bo‘ladi, bu esa Trampning doimiy talablaridan hisoblanadi. Uning ilk prezidentlik muddatidayoq Yevropa davlatlarini yetarlicha sarf-xarajat qilmayotganlikda tanqid qilib, AQSH «katta miqdorda pul bergan» deb bayonot bergan edi. Uning talablariga javoban, ba’zi Yevropa davlatlari mudofaa xarajatlarini YAIMning 5 foizi darajasigacha ko‘tarishga harakat qilmoqda. Sammitga 32 davlat rahbari va o‘nlab hamkor mamlakatlar vakillari taklif etilgan. Uning asosiy muhokamalari uch soatdan oshmasligi, yakuniy bayonot esa besh banddan iborat bo‘lishi rejalashtirilgan. Bu, ko‘pchilik fikricha, Trampning uzoq yig‘ilishlarga bo‘lgan munosabati bilan bog‘liq. Shu bilan birga, sammitda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushga oid muhokamalar cheklangan. Bu masala AQSH va Yevropa o‘rtasidagi asosiy ziddiyatlardan biriga aylangan. Tramp Ukraina xavfsizligini NATO uchun ustuvor deb hisoblamaydi. Mark Ryutte ayni paytda Rossiya tomonidan kelayotgan xavf haqida ogohlantirib, NATO 5 yil ichida Rossiya tomonidan hujumga uchrashi mumkinligini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, NATO o‘zining sharqiy qanotini himoya qilish uchun minglab tanklar, zirhli texnikalar va millionlab artilleriya o‘qlariga muhtoj. Germaniya, Shvetsiya va boshqa davlatlar armiya sonini oshirish rejalarini e’lon qilgan. Biroq aksar davlatlar hozircha o‘z majburiyatlarini to‘liq bajara olmayapti. Ushbu sammit Ryutte uchun bosh kotib sifatidagi ilk yirik sinov hisoblanadi. Ammo Trampning ittifoqchilar bilan qarama-qarshiliklari sabab, sammit rejaga muvofiq o‘tadi, deb ishonch bilan aytish qiyin.

Teglar

Mavzuga oid