
NATO Ukrainaga 35 mlrd yevro harbiy yordam va’da qildi
24.06.2025 | 10:0018383
Mark Ryutte NATO sammiti arafasida Kiyevga 35 mlrd yevro qiymatida yangi harbiy yordam ko‘rsatilishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, bu qaror ittifoqchilarning Ukrainaga mustahkam va uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlovini tasdiqlaydi.

23 iyun kuni +aagada o‘tkazilgan matbuot anjumanida NATOning yangi bosh kotibi Mark Ryutte Yevropa ittifoqchilari va Kanada kelgusi yil mobaynida Ukrainaga 35 mlrd yevro qiymatida harbiy yordam taqdim etishga kelishib olganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bu NATOning Kiyevni qo‘llab-quvvatlashdagi qat’iy siyosatini yana bir bor namoyon etmoqda.
«Bu yordam harbiy sohani qamrab oladi va xavfsizlikka doir ehtiyojlarni qoplashga qaratilgan. Bizning yordamimiz mustahkam va uzluksiz bo‘lib qoladi», — dedi Ryutte. U bu bayonotni Politico nashri orqali berdi.
Uning ta’kidlashicha, Vashingtondagi o‘tgan yilgi sammitda NATO Ukrainaga a’zo bo‘lish yo‘li «ortga qaytmas» ekanini ta’kidlagan edi va bu pozitsiya hozir ham saqlanib qolmoqda. U shuningdek, AQSH yordamining qisqarishiga qaramay, ittifoqchilarning umumiy pozitsiyasi o‘zgarmaganini qayd etdi.
Ryutte Rossiyani NATO uchun «eng jiddiy va bevosita tahdid» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva hozirgi urushni Shimoliy Koreya, Eron, Xitoy va Belarus ko‘magida davom ettirmoqda. «Bu vaziyat alyansdan yanada tizimli va uzoq muddatli reaksiyani talab qiladi», — deya xulosa qildi u.
24–25 iyun kunlari Haagada bo‘lib o‘tadigan NATO sammiti keyingi yillardagi Ukraina siyosati, mudofaa xarajatlari va Rossiyaga qarshi strategiyasida muhim bosqich bo‘lishi kutilmoqda.





