
NATO Yevropada havo hujumida himoya kuchlarini besh barobar oshirishni rejalashtirmoqda
04.06.2025 | 08:4517344
Rossiya tahdidi fonida NATO Yevropa davlatlarini havo hujumidan himoya tizimlarini besh barobar kengaytirishga chaqirdi. Alyans mamlakatlari bunda harbiy tayyorgarlikni oshirish va yangi sarmoya yo‘nalishlarini muhokama qilmoqda.

Bloomberg manbalariga ko‘ra, NATO Yevropadagi a’zo davlatlarni yer ustidan havo hujumlaridan himoya (HHH) tizimlarini besh barobar ko‘paytirishga chaqirgan. Bu umumiy ko‘rsatkich bo‘lib, har bir davlat o‘z imkoniyatlariga qarab hissa qo‘shishi kutilmoqda.
NATO Bosh kotibi Mark Ryutte boshchiligidagi navbatdagi mudofaa vazirlari uchrashuvi 5 iyun kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadi. Unda HHH tizimlarini kengaytirish bo‘yicha aniq rejalar muhokama qilinadi. Ryutte Vilnyusdagi so‘nggi uchrashuvda «Urush holatida emasmiz, ammo tinchlik ham yo‘q», deb ta’kidlab, blokning to‘liq jangovar tayyorgarlikka o‘tishi zarurligini aytdi.
Oxirgi 30 yil ichida NATO HHH tizimlarini qisqartirgan edi. Chunki Sovuq urushdan so‘ng asosiy e’tibor Afrika va Yaqin Sharq tahdidlariga qaratilgan edi. Ammo Ukrainadagi urush va Rossiyaning NATOning sharqiy chegarasiga xavf solishi fonida blok bu sohadagi zaiflikni tuzatishga harakat qilmoqda.
HHH tizimlari NATO uchun eng qimmat qurollardan hisoblanadi. Germaniya ushbu sohada yetakchilik qilishni va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda «Yevropa osmon qalqoni» loyihasini kengaytirishni taklif etmoqda. Kansler Fridrix Mers bu yo‘nalishda milliardlab yevro sarmoya kiritish niyatida ekanligi bildirildi. Mazkur loyiha ballistik raketalarga qarshi himoya qilishga qaratilgan.
NATO sammiti 24–26 iyun kunlari Haagada o‘tadi. Unda a’zo davlatlar Sovuq urushdan beri eng yirik harbiy sarf-xarajatlarni ko‘rib chiqishi rejalashtirilmoqda. Yangi tavsiyalarga ko‘ra, davlatlar himoya xarajatlarini YAIMning 5 foizigacha yetkazishi kutilmoqda. Buning 3,5 foizi to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy ehtiyojlarga, qolgan 1,5 foizi esa chegara xavfsizligi va kiberximoyaga yo‘naltiriladi.





