
Navoiyda avtobus ag‘darilishi oqibatida ikki kishi halok
Tomdi tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida ikki nafar yo‘lovchi halok bo‘ldi, yana to‘qqiz kishi shifoxonaga yotqizildi.

Navoiy viloyati Tomdi tumani hududida 5-yanvar kuni soat 07:40 atrofida Zarfshon—Navoiy yo‘nalishida harakatlanayotgan 47 nafar yo‘lovchi bo‘lgan avtobus yo‘l-transport hodisasiga uchradi.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qilishicha, hodisa A-379 Navoiy—Uchquduq xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘lining 167–168-kilometrlari oralig‘ida, Tomdi tumanining «Tomdibuloq» OFY hududidan o‘tgan qismida sodir bo‘lgan.
Dastlabki surishtiruv natijalariga ko‘ra, ZHONG TONG BUS rusumli avtobusni 1986 yilda tug‘ilgan, 17 yillik haydovchilik tajribasiga ega Sh.X. boshqarib borayotgan bo‘lgan. Texnik jihatdan soz holdagi transport vositasi harakat davomida haydovchi nazoratidan chiqib, yo‘lning o‘ng tomoniga chiqib ag‘darilib ketgan.
Hodisa oqibatida avtobusda bo‘lgan ikki nafar fuqaro olgan og‘ir tan jarohatlari sabab voqea joyida vafot etgan. Shuningdek, turli darajada tan jarohatlari olgan to‘qqiz nafar yo‘lovchi tezkor ravishda tibbiyot muassasalariga yotqizilgan.
Ayni paytda Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan hodisa yuzasidan batafsil tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Voqeaning barcha holatlarini aniqlash, jabrlanganlarga va halok bo‘lganlarning oila a’zolariga yordam ko‘rsatish hamda og‘ir oqibatlarga olib kelgan omillarga huquqiy baho berish choralari ko‘rilmoqda.





