
Navoiydagi tutun manbasi aniqlandi
21.07.2025 | 16:0029453
Navoiy shahridagi changsimon tutunning manbai aniqlandi — bu tutun sobiq elektrokimyo zavodi o‘rnidagi korxonalardan chiqqan. «Navoiyazot» esa o‘zining bu holatga aloqasi yo‘qligini ta’kidlamoqda.

21 iyul kuni ertalab Navoiy shahri va uning atrofida yana changsimon tutun tarqalgani kuzatildi. Bu haqda «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati ma’lum qildi.
Korxona mutaxassislari O‘zbekiston ekologik partiyasi viloyat kengashi vakillari bilan hamkorlikda vaziyatni o‘rgandi. Ular tomonidan tutun manbasini aniqlash maqsadida zavodning ammiakli selitra ishlab chiqarish sexi hududiga qo‘shimcha videokuzatuv kameralari o‘rnatildi.
Olingan tasvirlardan ma’lum bo‘lishicha, havoda tarqalayotgan changsimon tutun sobiq Navoiy elektrokimyo zavodi hududida qurilgan boshqa korxonalardan tarqalayotgani ko‘ringan. «Navoiyazot» bu tasvirlar asosida o‘zining havo ifloslanishiga aloqasi yo‘qligini bildirdi.
Shu bilan birga, 13 va 19 iyul kunlari ham Navoiy shahrida shunga o‘xshash holatlar qayd etilgan va viloyat ekologiya boshqarmasi buni «Navoiyazot» faoliyati bilan bog‘lagan edi. Ammo zavod mutaxassislari havo oqimlari va videokuzatuv yordamida o‘zlarining bu holatga aloqador emasliklarini isbotlashga harakat qilmoqda.
Ekologiya boshqarmasi bu holat yuzasidan tekshiruv ishlarini yakunlab, qo‘shimcha axborot taqdim etilishini ma’lum qilgan.





