
Nazorat inspeksiyasi tugatildi, ijroni nazorat qilish Hisob palatasi zimmasiga o‘tdi
16.06.2025 | 12:3044333
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi videoselektor yig‘ilishida Prezident Administratsiyasi huzuridagi Nazorat inspeksiyasining faoliyati keskin tanqid qilindi va uni tugatish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Davlat rahbari inspeksiyaga berilgan vakolatlar natijasiz bo‘layotganini ta’kidlab, uning faoliyati haqida shunday dedi: «Vazirlarga yaxshi ko‘rinish uchun, ular nimani bersa, shuni ko‘tarib kelmasdan, masalalarni o‘rganib, aybdorlarni jazolash bo‘yicha nega taklif kiritmaydi?». Uning ta’kidlashicha, bu organ o‘z vazifalarini samarali bajarmagan.
Yig‘ilishda ijro intizomini mustahkamlash va aholi muammolarini hal qilishga qaratilgan mutlaqo yangi tizim yaratilishi belgilandi. Endi bu vazifalarni Hisob palatasi bajaradi va uning vakolatlari kengaytiriladi.
Yangi tizimga ko‘ra, Hisob palatasi faqat davlat mablag‘larining to‘g‘ri sarflanishini emas, balki har bir qarorning qanchalik samara berganini, uning aholi uchun qanday natija keltirganini tahlil qiladi.
Palata raisi har oyda qarorlar ijrosi bo‘yicha zaif nuqtalar, mas’uliyatsiz rahbarlar va ishlamayotgan tizimlar yuzasidan tahliliy ma’lumot va takliflarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Prezidentga taqdim etadi.
Bu islohot orqali ijro intizomi ustuvor vazifalar qatoriga chiqarilib, davlat boshqaruvida aniqlik va javobgarlik kuchaytirilishi kutilmoqda.





