
Neft bozori Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilish xavfiga qaramasdan barqaror qolmoqda
16.06.2025 | 12:008123
Isroil va Eron o‘rtasidagi keskinlik ortidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilishi ehtimoli muhokama qilinsa-da, bozor bu tahdidga hozircha jiddiy munosabat bildirgani yo‘q.

Shanba kuni Eron parlamenti deputati Ismoil Kavsari ushbu strategik yo‘lakni yopish masalasi muhokama etilayotganini aytdi. Uning so‘zlaridan so‘ng ayrim OAVlar va propaganda kanallari neft narxi 130 dollarga chiqishi mumkinligini bashorat qildilar. Biroq bozorda bunday keskin reaksiya kuzatilmadi.
Ma’lumki, Hurmuz bo‘g‘ozi orqali jahon neft eksportining 40 foizga yaqini, shuningdek, ko‘rfaz davlatlari eksport qiluvchi neft mahsulotlarining 90 foizga yaqini tashiladi. Eron ushbu yo‘lakni jismonan nazorat qilish imkoniga ega. Biroq bu yo‘lak Eronning o‘zi uchun ham strategik ahamiyatga ega ekani sababli, uni yopish og‘ir iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Mutaxassislar fikricha, bo‘g‘ozning yopilishi nafaqat Eron va Isroil munosabatlarini keskinlashtiradi, balki global geosiyosiy muvozanatni buzib, boshqa kuchli davlatlarni mojaroga tortishi ehtimoli ham yuqori.
Shunga qaramay, dushanba kuni bozorlar ochilishi bilan Brent markali neft narxi 74 dollar atrofida barqaror turibdi. Holbuki, o‘tgan haftaning oxirida narxlar qisqa muddatda 78 dollargacha ko‘tarilgan edi.





