
Neft bozorida notinchlik: AQSHda qazib olish hajmi pasaymoqda
AQSH va Xitoy o‘rtasidagi muzokaralar hamda AQSHda qazib olish hajmi pasayishi neft narxlariga ta’sir ko‘rsatmoqda. Shunga qaramay, bozorda OPEC+ qarori ta’siri saqlanmoqda.

7 may kuni Londonda neft fyucherslari narxi sessiya boshidagi o‘sishdan so‘ng sekinlashdi. Brent markali neft narxi 0,34 foizga oshib, bir barreli uchun 62,36 dollarga, WTI esa 0,51 foizga o‘sib, 59,39 dollarga yetdi. Sabab sifatida AQSH va Xitoy o‘rtasidagi yaqinlashib kelayotgan savdo muzokaralari, shuningdek, AQSHda neft qazib olishning sekinlashayotgani qayd etilmoqda. Diamondback Energy va Coterra Energy kabi kompaniyalar qazib olish uskunalarini qisqartirayotganini e’lon qildi. Bu kelgusida bozorda taklifni kamaytirishi va narxlarni barqarorlashtirishi mumkin. Shu bilan birga, OPEC+ning qazib olishni tezlashtirish qarori bozorda taklif ortishi bo‘yicha xavotirlarga sabab bo‘ldi. Ushbu qaror 4 yillik minimum darajadagi narxlarni yanada pasaytirdi. Amerika neft institutining ma’lum qilishicha, o‘tgan haftada neft va benzin zaxiralari keskin kamaygan. Reutres AQSH neft zaxiralari 800 ming barrelga kamaygan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.





