Neft narxi keskin ko‘tarildi va yana pasaydi. Nimalar bo‘lyapti?
Donald Tramp Eron bilan urush fonida neft narxi oshishidan xavotirga tushganlarni «ahmoqlar» deb atadi.

9-mart, dushanba kuni Eron atrofidagi urush keskinlashishi fonida neft narxlari misli ko‘rilmagan darajada ko‘tarildi. «Brent» fyucherslari bir barrel uchun 119,50 dollargacha, Amerikaning WTI nefti esa 119,48 dollargacha ko‘tarildi. Keyin narxlar yana yuz dollardan pastga tushib, tarixdagi eng hayratlanarli pasayishni namoyish etdi.
«Katta yettilik» (G7) mamlakatlari o‘z strategik neft zaxiralaridan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqidagi xabarlar bozordagi xavotirlarni biroz yumshatdi. Rejaga ko‘ra, bozorga 400 million barrel neft chiqarilishi kutilmoqda. Ma’lumot o‘rnida, ushbu davlatlarning jami zaxiralari taxminan 1,2 milliard barrelni tashkil etadi. Bu miqdor to‘sib qo‘yilgan Hurmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan taxminan oltmish kunlik neft tashish hajmiga teng. Demak, bozorga chiqarilishi kutilayotgan 400 million barrel — yigirma kunlik ehtiyojni qoplashi mumkin.
Xo‘sh, bu vaqt ichida vaziyatni o‘nglab, bozorga ijobiy signal berish imkoni bormi? To‘liq noaniqlik hukm surayotgan davrda hech kim strategik neft zaxiralarisiz qolishni istamaydi.


Kecha jahon bozorida neft kotirovkalarining rekord darajadagi, tarixda kuzatilmagan keskin sakrashi kuzatildi.
Donald Tramp Eron tomonidan yadroviy tahdidni bartaraf etish evaziga neft narxining ko‘tarilishini nomaqbul deb hisoblovchilarni «ahmoqlar» deb atab, hammani o‘ziga xos tarzda tinchlantirishga harakat qildi. AQSH prezidenti yuqori narxlar vaqtinchalik holat ekaniga ishontirmoqda.
Eron bombardimon qilina boshlagan dastlabki uch kun ichida Shtatlarda bir gallon benzinning o‘rtacha narxi 2,94 dollardan 3,19 dollargacha ko‘tarildi — bu juda qisqa vaqt ichida qariyb 8,5 foizlik o‘sish demakdir. Yana ikki kundan keyin narx 3,32 dollarni tashkil etdi. 9-mart holatiga ko‘ra, narx 3,48 dollargacha ko‘tarilib, bir oy ichida 58 sentga oshdi. Soliqlar yuqori bo‘lgan hududlarda (Kaliforniya, Vashington) bir gallon uchun narx 4,50–5,20 dollarga yaqinlashdi.


Amerika ma’muriyati uchun yana bir noxush xabar bor. Donald Trampning Federal zaxira tizimi rahbariyati bilan ziddiyatga borgani ma’lum. Aynan o‘sha rahbariyat inflatsiya o‘sishidan xavotirlanib, asosiy foiz stavkasini pasaytirishdan bosh tortmoqda.
«Politico» nashrining xabariga ko‘ra, Oq uy apparati rahbari, ta’sir doirasi keng bo‘lgan Syuzan Uaylz yoqilg‘i narxini tushirish bo‘yicha biror ijobiy yechim topa oladigan har bir kishiga tinimsiz qo‘ng‘iroq qilmoqda. Zero, bu vaziyat yaqinlashib kelayotgan oraliq saylovlarda respublikachilar uchun halokatli natijaga olib kelishi mumkin: amerikalik saylovchilarni an’anaviy tarzda birinchi navbatda yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi narxlar qiziqtiradi. Hozirda barcha tovarlar narxlarida keskin o‘zgarish kuzatilmoqda. Yonilg‘i narxining oshishi muqarrar ravishda inflatsiyaning o‘sishiga sabab bo‘ladi.
Shu o‘rinda Amerika ma’muriyati uchun yana bir noxush xabar bor. Donald Trampning Federal zaxira tizimi rahbariyati bilan ziddiyati hammaga ma’lum. Mazkur tizim rahbariyati aynan inflatsiya oshishidan xavfsirab, asosiy foiz stavkasini pasaytirishdan bosh tortmoqda. Endi esa stavkani pasaytirish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Bu esa o‘z navbatida biznes faolligini jonlantirish uchun rag‘batlarning yo‘qligini anglatadi. Trampning «Amerika hozir tadbirkorlik uchun ayni muddao» degan mubolag‘ali gaplari shunchaki puch gaplarga aylanadi
Biroq Qo‘shma Shtatlar va shaxsan uning prezidenti muammolari — Fors ko‘rfazidagi va uning atrofidagi yangi urush keltirib chiqargan global inqirozning muhim bo‘lsa-da, faqatgina bir qismidir. Yaqin Sharq mintaqasidan neft yetkazib berishga qattiq bog‘lanib qolgan Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida vahimali kayfiyat hukm surmoqda.
Bugungi kunda Eronni «jilovlash» amaliyoti jahon bozorlari uchun qanday oqibatlar keltirib chiqarishini aniq taxmin qilishning imkoni yo‘q. Zero, bu jarayon hali yakunidan juda yiroq va voqealar rivoji qaysi yo‘nalishda davom etishi mutlaq mavhumligicha qolmoqda.





