
Neft narxi pasaydi: OPEC+ qo‘shimcha qazib olishni muhokama qilmoqda
22.05.2025 | 18:002063
OPEC+ tashkiloti iyul oyida neft qazib olishni oshirishni muhokama qilmoqda. Bu ortidan neft narxi 1,5 foizdan ziyodroqqa tushdi. Bozorda taklif ortib ketishi ehtimoli talab o‘sishini bosib ketishi mumkinligiga oid xavotirlar kuchaydi.

22 may kuni neft narxlari 1,5 foizdan ko‘proq tushdi. Brent fyucherslari barreli 63,72 dollar, WTI markasining narxi esa 60,44 dollargacha pasaydi. Reuters agentligining yozishicha, bunga OPEC+ tashkilotining iyul oyida qazib olishni yanada oshirish masalasini muhokama qilayotgani sabab bo‘lmoqda.
Bloomberg’ga ko‘ra, tashkilotda kuniga 411 ming barrel qo‘shimcha qazib olish kabi variantlar ko‘rib chiqilmoqda. Tahlilchilar buni bozorda ulush uchun kurash strategiyasining boshlanishi sifatida baholamoqda. Onyx Capital Group mutaxassisi Garri Chiligiryan buni «bir harakatda zirapchani olib tashlashga o‘xshaydi», deb izohladi.
Ayni paytda, AQSHdagi neft zaxiralari ham ortib bormoqda. Energetika axborot boshqarmasi (EIA) ma’lumotiga ko‘ra, 16 maygacha bo‘lgan haftada zaxiralar 1,33 mln barrelga ko‘payib, 443,2 mln barrelga yetdi. Bu ma’lumotlar, ayniqsa, WTI narxiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
LSEG Oil Research tahlilchisi Emril Jamilning ta’kidlashicha, AQSHdagi zaxiralar o‘sishi mamlakatning Yevropaga va Osiyoga eksport hajmini oshirishi mumkin.
Yangi geosiyosiy xavflar ham narxlarga ta’sir qilmoqda. CNN xabariga ko‘ra, AQSH razvedkasi Isroilning Eron yadroviy ob’ektlariga zarba berishga tayyorgarligini qayd etgan. Bu esa kuni kecha neft narxlarining qisqa muddatli ko‘tarilishiga sabab bo‘lgandi.





