add

Neft uchun 45 dollarlik chegara Rossiya byudjetiga trillionlab yo‘qotish keltirishi mumkin

17.06.2025 | 09:406805

Yevropa va Buyuk Britaniya Rossiya nefti uchun narx chegarasini 60 dollardan 45 dollarga tushirishni taklif qilmoqda. Bu tashabbus AQSH tomonidan ham qo‘llab-quvvatlansa, Rossiya eksport hajmi, daromadi va logistika imkoniyatlarida jiddiy cheklovlarga duch keladi.

Neft uchun 45 dollarlik chegara Rossiya byudjetiga trillionlab yo‘qotish keltirishi mumkin
Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya yangi sanksiyalar paketi doirasida Rossiya nefti uchun narx potologini 60 dollardan 45 dollarga tushirish taklifini muhokama qilmoqda. Bu tashabbus G7 sammitida AQSH bilan muvofiqlashtirilishi mumkin. Mutaxassislarga ko‘ra, agar bunday chora amalga oshirilsa, Rossiya byudjetiga trillionlab rubl yo‘qotish keltirishi mumkin. Kolumbiya universitetining global energetika markazi tadqiqotchisi Tatyana Mitrova bu chorani avvalgi sanksiyalarga nisbatan ancha samarali deb baholaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 45 dollarlik chegara Rossiya neftiga nisbatan Brent brendiga bo‘lgan chegirmani 20 dollargacha oshirishi, neft treyderlari va sug‘urta kompaniyalarining Rossiya bilan ishlashdan bosh tortishiga olib kelishi mumkin. «Freedom Finance Global» tahlilchisi Vladimir Chernov hisob-kitobiga ko‘ra, eksport narxi har 1 dollarga tushishi Rossiya byudjetiga yiliga 100 mlrd rubl kamomad keltiradi. Demak, 15 dollarlik tushish taxminan 1,5 trln rubl yo‘qotishni anglatadi. Agar cheklovlar yil o‘rtasida kiritilsa, yillik yo‘qotishlar 700–800 mlrd rubl atrofida bo‘lishi mumkin. Ayni paytda, Vladimir Putinning farmoniga ko‘ra, Rossiya yuqori narx chegarasiga rioya qiluvchi xaridorlarga neft sotishni taqiqlagan. Shu bois Rossiya eksportni narx cheklovini tan olmaydigan Osiyo davlatlariga yo‘naltirishda davom etmoqda. Biroq bu bozorda ham muvaffaqiyat kafolatlanmagan emas — transport xarajatlari oshib bormoqda, sug‘urta masalalari murakkablashmoqda va bozorda taklif ortib bormoqda. Boshqa jihatdan, Rossiya «xufiyona flot» orqali cheklovlarni chetlab o‘tib kelayotgandi, ammo 2025 yil 1 iyun holatiga ko‘ra, bu flotning 426 ta tankeri sanksiyalarga tushgan. Yevropa ularning ustiga yana 77 ta kemani qo‘shmoqchi. Bunday sharoitda Rossiya uchun yangi flot tashkil etish ham, bozordagi o‘rnini saqlash ham tobora murakkablashmoqda. May oyida Brent nefti 78,5 dollargacha ko‘tarilgan bo‘lsa-da, keyin yana 73 dollar atrofiga tushdi. Yaqin Sharqdagi notinchlik sabab qisqa muddatli oshish kuzatilgan bo‘lsa-da, global bozorda taklif ko‘paymoqda va OPEC+ davlatlari, jumladan Saudiya Arabistoni, neft qazib chiqarishni keskin oshirmoqda. Bu esa Rossiya uchun yanada murakkab iqtisodiy sharoit yaratishi mumkin. So‘nggi tahlillarga ko‘ra, eksport kamayishi, transport xarajatlarining ortishi va narx bosimi Rossiya uchun 2022 yildan buyongi eng og‘ir iqtisodiy xatarga aylanishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid