
Neft va gaz dunyodagi asosiy energiya manbai bo‘lib qoladi — British Petroleum
05.10.2025 | 18:2327813
Buyuk Britaniyaning yirik energetika kompaniyasi British Petroleum (BP) yangi hisobotida 2050 yilgacha neft va gazga bo‘lgan talab kutilgandan ancha yuqori bo‘lishini ma’lum qildi.

BP ma’lumotlariga ko‘ra, 2050 yilda neft iste’moli kuniga 83 million barrel, tabiiy gaz iste’moli esa 4,8 trln metr kub atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Kompaniya ta’kidlashicha, bu sur’atda «no zero» maqsadiga erishish uchun talabning pasayishi juda keskin bo‘lishi kerak edi.
Tahminlarga ko‘ra, 2035 yilda ham neft dunyodagi asosiy energiya manbai bo‘lib qoladi va uning ulushi 30 foiz atrofida bo‘ladi. Bu energetika tizimidagi transformatsiya jarayoni sust kechayotganini ko‘rsatadi.
BP hisobotida Ukraina urushi, Yaqin Sharqdagi beqarorlik va xalqaro savdo tariflarining oshib borishi energetika xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etilgan. Shu bois ko‘plab davlatlar yana mahalliy yoqilg‘i manbalaridan foydalanishni kuchaytirmoqda.
Kompaniya ayrim «yashil energiya» loyihalarini qisqartirganini tan oldi, bu esa ekologik tashkilotlar tomonidan tanqidga sabab bo‘ldi. Ekologlar fikricha, BPning bu qadami dunyodagi dekarbonizatsiya jarayonlarini sekinlashtirishi mumkin.
BPning yangi baholari dunyo iqtisodiyoti hali ham neft va gazga qattiq bog‘liq ekanini ko‘rsatmoqda. Qayta tiklanuvchi energiya o‘sib borayotgan bo‘lsa-da, global talab hozircha an’anaviy yoqilg‘ilar hisobiga qondirilayapti.





