Logo

Nega O‘zbekistonda kredit foizlari baland? Qo‘shnilar, AQSH, Yaponiya va Turkiya misolida qiyosiy tahlil

Bugun 09:306 daqiqa

Markaziy bank so‘nggi yillarda asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab kelmoqda, inflatsiya esa 5,5 foizgacha tushdi. Ammo bank kreditlari kutilganidek arzonlashmadi. Vaqt.uz O‘zbekistonni qo‘shni davlatlar, AQSH, Yaponiya va Turkiya bilan taqqoslab, buning sabablarini tahlil qildi.

Nega O‘zbekistonda kredit foizlari baland? Qo‘shnilar, AQSH, Yaponiya va Turkiya misolida qiyosiy tahlil

Markaziy banklarning asosiy stavkalari mamlakat iqtisodiyotidagi eng muhim indikatorlardan biri hisoblanadi. Ular nafaqat inflatsiya va investitsiyalarni, balki oddiy fuqaroning kredit olish imkoniyatlarini ham belgilab beradi. Agar siz Tokioda yashasangiz, bankdan kredit olish deyarli muammo emas. Agar Istanbulda yashasangiz, kredit foizlari sizni ko‘proq o‘ylashga majbur qiladi.

Xo‘sh, Toshkentda, umuman butun O‘zbekistonda vaziyat qanday? Maqolada kreditlashda asosiy stavka qiymati bir nechta mamlakatlar kesimida tahlil qilinadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, eng arzon kreditlash rivojlangan iqtisodiyotlarda kuzatilmoqda. Yaponiyada asosiy stavka 1 foiz, Yevropa hududida 2,25 foiz, Janubiy Koreyada 2,5 foiz, Xitoyda 3 foiz, AQSHda esa 3,5–3,75 foiz darajasida shakllanmoqda. Bu davlatlarda inflatsiya nisbatan nazorat ostida bo‘lgani va moliya bozorlari chuqur rivojlangani sabab kredit narxi ham pastroq.

Boshqa mamlakatlar, xususan, Turkiya va Rossiyada yuqori inflatsiya va makroiqtisodiy xatarlar saqlanib qolmoqda. Masalan, Turkiyada asosiy stavka 37 foizni tashkil etib, ro‘yxatdagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etmoqda. Rossiya Markaziy banki esa asosiy stavkani 14,25 foiz darajasigacha pasaytirgan.

1

Markaziy Osiyoga nazar tashlansa, Qozog‘iston 17 foiz bilan mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biriga ega. O‘zbekistonda asosiy stavka 14 foiz, Qirg‘izistonda 12 foiz, Tojikistonda esa 7 foizni tashkil etadi.

Shu jihatdan qaraganda, O‘zbekiston dunyodagi eng qimmat pul siyosati yuritilayotgan mamlakatlar qatoriga kirmaydi. Biroq rivojlangan iqtisodiyotlar bilan taqqoslanganda pul narxi hali ham ancha yuqori. Masalan, O‘zbekistondagi 14 foizlik asosiy stavka AQSHdagidan qariyb to‘rt baravar, Yevropa hududidagidan olti baravar, Yaponiyadagidan esa 14 baravar yuqori.

Shu ma’noda O‘zbekistonni na arzon, na qimmat kreditlash hududiga kiritish mumkin, ammo oddiy vatandoshlar uchun bu holat katta risklarni va moliyaviy muammolarni olib kelmoqda. Masalan, banklardan olinayotgan mikroqarz va iste’mol kreditlari ko‘pincha 25–35 foiz stavka bilan beriladi. Shu sababli fuqarolar amalda Markaziy bankning 14 foizlik stavkasini emas, undan ancha yuqori darajani his qiladi. Tabiiyki, bu holat ommada e’tirozlarni va boshqa savollarni paydo qiladi.

Masalan, nega kreditlash stavkasi bu qadar yuqori?

Bugungi kunda O‘zbekiston bank tizimida umumiy kreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavkalar 20–22 foiz atrofida shakllanmoqda. Mikroqarz va mikrokreditlarda esa bu ko‘rsatkich 25–35 foizgacha yetadi.

* Mikroqarz — banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarga shaxsiy ehtiyojlar uchun beriladigan kichik hajmdagi qarz. Qonunchilikka ko‘ra, mikroqarz miqdori 100 mln so‘mgacha bo‘lishi mumkin. Ular odatda soddalashtirilgan tartibda, qisqa muddatda rasmiylashtiriladi va ko‘pincha kafil yoki garov talab etilmaydi. Bunda asosiy e’tibor mijozning daromadi, kredit tarixi va to‘lov qobiliyatiga qaratiladi.

* Mikrokredit — jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda kichik biznes vakillariga tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki rivojlantirish, aylanma mablag‘larni to‘ldirish va boshqa maqsadlar uchun ajratiladigan kredit. Uning miqdori 300 mln so‘mgacha bo‘lishi mumkin. Mikroqarzlardan farqli ravishda, mikrokreditlar bo‘yicha qarz oluvchining moliyaviy holati chuqurroq o‘rganiladi va kredit summasi hamda shartlariga qarab kafil, garov yoki boshqa ta’minot turlari talab qilinishi mumkin.

2025 yilda aholiga ajratilgan kreditlarning deyarli yarmi mikroqarzlarga to‘g‘ri kelgan. Bir yil davomida 71,8 trillion so‘mlik mikroqarz ajratilgan va ular kredit portfelining 45,8 foizini tashkil qilgan. Bu deyarli har ikki kreditdan biri mikroqarz bo‘lganini anglatadi.

Ko‘pchilik inflatsiya pasaysa, kredit ham pasayishi kerak degan qarash mavjud. Biroq iqtisodchi Mirkomil Xolboyev Vaqt.uz’ga bergan izohida bunday yondashuv juda sodda tushuntirish ekanligini ta’kidladi.

«Umumiy inflatsiya bozorda kredit stavkalariga ta’sir qiluvchi ko‘r-ko‘rona o‘zgaruvchi omil emas. Kredit stavkalari haqida faqat inflatsiya ko‘rsatkichiga qarab xulosa chiqarib bo‘lmaydi», — deydi u.

Mutaxassisga ko‘ra, Markaziy bank uchun bugungi inflatsiyadan ko‘ra ertangisi muhimroq.

Ya’ni regulyator hozirgi narxlarga emas, balki inflyatsion kutilmalarga qaraydi. Odamlar va biznes kelajakda narxlar qanday o‘sishini kutayotgan bo‘lsa, Markaziy bank qarorlariga ham shu ko‘proq ta’sir qiladi.

Masalan, may oyida yillik inflatsiya 5,5 foizgacha tushgan bo‘lsa, asosiy stavka va inflatsiya o‘rtasidagi farq 8,5 foizni tashkil etgan. Bir qarashda bu juda qattiq monetar siyosatdek ko‘rinadi. Ammo inflyatsion kutilmalar bilan asosiy stavka o‘rtasidagi farq atigi 3,9 foiz bo‘lgan.

«Monetar sharoitlar umumiy inflatsiya va asosiy stavka o‘rtasidagi farq ko‘rsatganchalik qattiq emas», — deydi Xolboyev.

Shuning uchun Markaziy bank tashqi xavflar, energiya tariflari va inflyatsion kutilmalarni kuzatishda davom etadi.

Ammo Vaqt.uz suhbatlashgan boshqa ekspert, iqtisodiyot fanlari doktori, professor To‘lqin Boboqulovning fikricha, kredit stavkalarining balandligiga birinchi sabab inflatsiya hali ham yuqoriligida.

«Oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashmoqda, yoqilg‘i importi ortmoqda, pul massasi esa yiliga qariyb 30 foizga o‘smoqda. Shu omillar Markaziy bankning asosiy stavkani pasaytirish imkoniyatini cheklayapti.

Bundan tashqari, bank tizimida arzon resurslar yetishmaydi. Milliy valutaning qadrsizlanish sur’ati yuqori, korxonalar xarajatlari katta, natijada iqtisodiyotda kreditlash uchun arzon mablag‘ shakllanmayapti», — deydi ekspert.

Shu o‘rinda yana savol tug‘iladi.

Asosiy stavka tushayotgan bo‘lsa ham, nega kredit foizlarida o‘zgarish yo‘q?

Bu savolning javobi ko‘pchilik o‘ylagandan murakkabroq.

2022 yilda Rossiya—Ukraina urushi boshlanganidan keyin Markaziy bank asosiy stavkani favqulodda ravishda 17 foizga ko‘targan edi.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev stavkaning oshirilgan vaqtida bir nechta fikrlarni qayd etgandi. Xususan, o‘sha vaqtda asosiy stavkaning oshirilishi qo‘shni davlatlar bilan makroiqtisodiy koordinatsiya qilishda ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.

«Asosiy hamkor davlatlarimizda urush boshlanganidan buyon monetar siyosat sezilarli darajada qattiqlashdi, bu jihatdan ham foiz stavkasining oshirilishi qo‘shni davlatlar bilan makroiqtisodiy koordinatsiya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Lekin har qanday qarorda ham tanlov bo‘lgani kabi foiz stavkasining oshirilishi ham o‘zi bilan faqat ijobiy emas, balki salbiy natijalar ham olib keladi. Masalan, iqtisodiy faollikka salbiy ta’sir qilishi, bu esa ishsizlikning ortishi yoki iqtisodiy o‘sish pasayishiga olib kelishi mumkin. Hozir oson qarorning o‘zi mavjud emas», — degandi u.

Ammo bu daraja uzoq vaqt saqlanib qolmadi. Oradan bir necha oy o‘tib stavka yana pasaytirila boshlandi. Shu sababli 2022 va 2025 yillarni oddiy taqqoslash har doim ham to‘g‘ri natija bermaydi.

«Aprel oyidagi kreditlarning o‘rtacha stavkasi 17 foiz bo‘lgan davr mahsuli emas, balki 14 foiz bo‘lgan davr mahsulidir», — deydi iqtisodchi Xolboyev. «Bundan tashqari, Markaziy bank stavkani pasaytirishi bilan kreditlar arzon bo‘lib qolmaydi. Stavka pasayishining bozorga singishi uchun odatda 6–9 oy vaqt talab etiladi».

Ekspert To‘lqin Boboqulov esa suhbatda asosiy stavka hamon baland darajada qolayotganini, inflatsiya va boshqa xavflar sabab uni keskin tushirishning imkoni yo‘qligini qayd etdi.

Kreditlar qachon arzonlashadi?

Bu savolga iqtisodchi ekspert To‘lqin Boboqulov kreditlarni arzonlashtirishning asosiy sharti inflatsiyani pasaytirish ekanini ta’kidladi.

«Agar inflatsiya monetar omillar hisobiga oshayotgan bo‘lsa, Markaziy bank, nomonetar omillar hisobiga oshayotgan bo‘lsa, hukumat javob berishi kerak. Biroq inflyatsion targetlash bo‘yicha belgilangan maqsadlarga erishish masalasida javobgarlik yetarli darajada ishlamayapti. Inflatsiya pasaymas ekan, kreditlar ham arzonlashmaydi», — deydi u.

Shuningdek, statistika kredit stavkalarida ma’lum yumshash allaqachon boshlanganini ko‘rsatadi.

Masalan, 2025 yil mart oyida umumiy kreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka bir yil oldingisiga nisbatan 0,72 foiz bandga pasaygan. Jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha esa pasayish 1,6 foiz bandni tashkil qilgan.

Bu katta pasayish emas. Ammo kredit bozori qotib qolmaganini ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, kredit foizlarining pasayishi ko‘pchilik o‘ylagandek tez jarayon emas. Hatto inflatsiya bugun pasaysa yoki Markaziy bank ertaga asosiy stavkani tushirsa ham, bu kredit bozorida darhol aks etmaydi.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning ta’kidlashicha, Markaziy bank uchun inflatsiyaning bir martalik pasayishi emas, uning uzoq muddat davomida barqaror saqlanib qolishi muhimroq.

«Agar inflatsiya katta xavotir tug‘dirmasa va maqsadli ko‘rsatkich atrofida shakllansa, Markaziy bank stavkani pasaytirishi mumkin», — deydi u.

Shuningdek, kredit foizlari faqat asosiy stavkaga bog‘liq emas. Banklarning resurs bazasi, iqtisodiyotdagi likvidlik, inflyatsion kutilmalar va tashqi iqtisodiy xatarlar ham muhim rol o‘ynaydi. Shu sababli yaqin kelajakda kreditlarning keskin arzonlashishini kutish qiyin.

Teglar

Mavzuga oid