Logo

XVJ O‘zbekiston iqtisodiyoti qizib ketishi mumkinligidan ogohlantirdi

Bugun 09:002 daqiqa

Xalqaro valuta jamg‘armasi mamlakatda iqtisodiy o‘sish yuqori sur’atlarda davom etayotganini qayd etdi. Biroq kuchli talab yangi xavflarni ham yuzaga keltirmoqda.

XVJ O‘zbekiston iqtisodiyoti qizib ketishi mumkinligidan ogohlantirdi © МДҲ интернет-портали

Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekiston iqtisodiyoti ayni paytda kutilgan salohiyatdan ham tezroq o‘sish imkoniyatiga ega ekanini ma’lum qildi. Tashkilot ekspertlarining baholashicha, bunday yuqori sur’atlar mamlakatda ichki talabning hamon barqaror va yuqori darajada saqlanib qolayotgani bilan bevosita bog‘liq.

XVJning baholashicha, mamlakat iqtisodiyoti yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolmoqda. Inflatsiya bosqichma-bosqich pasaymoqda, budjet va tashqi hisoblar ko‘rsatkichlari yaxshilanmoqda, xalqaro zaxiralar esa yetarli darajada qolmoqda.

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 7,7 foizga o‘sgan. 2026 yilning birinchi choragida esa iqtisodiy o‘sish sur’ati yillik hisobda 8,7 foizgacha tezlashgan.

Ichki talab xavfi


XVJ hisobotida iqtisodiyotning qizib ketish xavfiga alohida e’tibor qaratilgan. Jamg‘arma mutaxassislari kuchli ichki talab iqtisodiy faollikni potensial darajadan yuqoriga olib chiqqan bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Tashkilotning ta’kidlashicha, bunday sharoitda hukumat ehtiyotkor iqtisodiy siyosat yuritishi lozim.

Xususan, 2026 yilda budjet daromadlari rejadan yuqori shakllanishi mumkin bo‘lsa ham, davlat xarajatlarini oshirishdan tiyilish tavsiya qilingan.

XVJning qayd etishicha, yil davomida xarajatlarga tuzatishlar kiritishni cheklash inflatsiyani pasaytirishga yordam beradi.

Oltin daromadlariga ehtiyotkorlik

Jamg‘arma davlat moliyasini xomashyo daromadlariga ortiqcha bog‘lab qo‘ymaslikni ham tavsiya qildi. Xususan, oltin va boshqa foydali qazilmalardan kelayotgan vaqtinchalik yuqori tushumlar asosida budjet xarajatlarini rejalashtirmaslik maqsadga muvofiq ekani aytildi.

XVJ budjet barqarorligini baholash uchun foydali qazilmalardan tushadigan daromadlarni hisobga olmagan holda birlamchi budjet taqchilligi bo‘yicha qo‘shimcha mezon joriy etishni taklif qildi.

Tashkilotning fikricha, bu yondashuv iqtisodiy o‘sish yuqori bo‘lgan davrlarda davlat xarajatlarining ortiqcha kengayishini cheklash va moliyaviy barqarorlikni saqlashga yordam beradi.

Teglar

Mavzuga oid