Logo

Markaziy bank banklar uchun 2,5 mlrd so‘mgacha bo‘lgan yangi jarimalarni joriy qildi

Bugun 17:303 daqiqa

6-avgustdan banklar, mikromoliya tashkilotlari va lombardlar uchun yangi sanksiyalar kuchga kiradi. Ayrim qoidabuzarliklar uchun jarima miqdori milliardlab so‘mga yetishi mumkin.

Markaziy bank banklar uchun 2,5 mlrd so‘mgacha bo‘lgan yangi jarimalarni joriy qildi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Markaziy bank kredit tashkilotlari tomonidan prudensial talablarga rioya etmaslik va iste’molchilar huquqlarini buzish holatlari uchun qo‘llanadigan yangi jarimalar ro‘yxatini tasdiqladi.

Yangi tartibga ko‘ra, qoidabuzarliklar ikki asosiy toifaga bo‘lingan: moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlarini buzish va fuqarolarning qonuniy manfaatlarini cheklash.

Kapital yetarliligi koeffitsiyenti belgilangan minimal darajadan pasaygan taqdirda, banklar umumiy kapitalining 0,02 foizi miqdorida jarima to‘laydi. Bu amalda 500 mln so‘mdan 2 mlrd so‘mgacha bo‘lgan sanksiyani anglatadi. Mikromoliya tashkilotlari uchun ushbu jarima 100 mln so‘mdan 500 mln so‘mgacha etib belgilangan.

Likvidlik me’yorlari buzilganda esa kredit tashkilotlari yetishmayotgan mablag‘ uchun har bir kechiktirilgan kunga asosiy stavkaning 1,5 baravari miqdorida penya to‘laydi. Bunda jarima kamida 20 mln so‘mni tashkil etadi.

Bir qarz oluvchiga to‘g‘ri keladigan maksimal risk me’yorini oshirish yoki ko‘chmas mulkni maqsadsiz xarid qilish uchun banklarga 100 mln so‘mdan 1 mlrd so‘mgacha jarima qo‘llanadi. Valuta pozitsiyalari limitlarini buzish esa har kuni 10 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha jarimaga sabab bo‘ladi. Rezervlarni shakllantirish qoidalariga rioya etmaslik holatlarida sanksiyalar 2,5 mlrd so‘mgacha yetishi mumkin.

Hujjatning ikkinchi qismi iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga bag‘ishlangan. Kredit shartlari haqida to‘liq ma’lumot bermaslik yoki tariflardagi o‘zgarishlarni yashirish uchun 3 mln so‘mdan 20 mln so‘mgacha jarima belgilangan.

Rasmiy veb-saytda majburiy ma’lumotlarni joylashtirmaslik banklarga 100 mln so‘m, mikromoliya tashkilotlariga 50 mln so‘m va lombardlarga 10 mln so‘m jarimaga tushadi. Davlat tilida shartnoma taqdim etmaslik uchun esa 10 mln so‘mgacha sanksiya qo‘llanadi.

Mijozga shartnomani imzolashdan oldin tanishish uchun taqdim etmaslik holatlari uchun 750 ming so‘mdan 2,5 mln so‘mgacha jarima nazarda tutilgan. Qarz oluvchini kamsituvchi shartlarni shartnomaga kiritish 20 mln so‘mgacha jarimaga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, qarzning to‘liq qiymatini yashirish yoki qarz yuki bo‘yicha belgilangan cheklovlarni buzish uchun banklar 10 mln so‘m, mikromoliya tashkilotlari 4 mln so‘m va lombardlar 2 mln so‘m jarima to‘laydi.

Jismoniy shaxslarga valuta krediti berish, muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud shaxslarni kreditlash yoki muayyan sug‘urta kompaniyasi kabi uchinchi tomon xizmatlarini majburlash uchun 3 mln so‘mdan 7,5 mln so‘mgacha jarima belgilangan.

Markaziy bank bir yilgacha bo‘lgan kreditlar bo‘yicha turar joyni garov sifatida rasmiylashtirishga ham alohida cheklov joriy qildi. Bunday holat banklar uchun 15 mln so‘m, mikromoliya tashkilotlari uchun 10 mln so‘m jarimaga sabab bo‘ladi.

Mijoz hisobvarag‘idan uning roziligisiz mablag‘ yechib olish uchun har bir holat bo‘yicha 25 mln so‘m jarima belgilangan. Agar qoidabuzarlik ommaviy tus olsa, sanksiyalar 2,5 mlrd so‘mgacha oshishi mumkin.

Qarz to‘liq qaytarilganidan keyin garovni o‘z vaqtida yechmaslik uchun 7,5 mln so‘m jarima qo‘llanadi. Hisobvaraqlarni asossiz bloklash, karta orqali to‘lovlarni qabul qilishdan bosh tortish yoki bank sirini oshkor qilish uchun har bir holat bo‘yicha 3 mln so‘mdan jarima belgilangan.

Mijozlarga muntazam zarar yetkazuvchi tizimli kamchiliklar aniqlangan taqdirda banklar umumiy kapitalining 0,01 foizi miqdorida, ammo kamida 300 mln so‘m jarima to‘laydi. Kredit tarixiga noto‘g‘ri ma’lumot yuborish uchun esa 3 mln so‘m jarima nazarda tutilgan.

Shuningdek, agar kredit o‘z xohishi bilan qarz olishni taqiqlagan shaxs nomiga rasmiylashtirilsa, kredit byurolari 20 mln so‘m, banklar esa 15 mln so‘m jarimaga tortiladi. Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash qoidalarini buzish yoki ularni qabul qilish tizimining mavjud emasligi 100 mln so‘m jarimaga sabab bo‘ladi. Qarz rasmiylashtirishda xavf-xatarlar bo‘yicha chek-listni imzolatmaslik uchun esa 10 mln so‘m jarima belgilangan.

Hujjat 2026 yil 6-avgustdan kuchga kiradi.

Teglar

Mavzuga oid

Markaziy bank banklar uchun 2,5 mlrd so‘mgacha bo‘lgan yangi jarimalarni joriy qildi | Vaqt.uz