Logo

Banklar uchun belgilangan milliardlik jarimalar, AQSH va Eron kelishuvini olqishlagan O‘zbekiston hamda aloqa sohasiga kiritilayotgan yirik investitsiya — 19-iyun dayjesti

Kecha 23:343 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Banklar uchun belgilangan milliardlik jarimalar, AQSH va Eron kelishuvini olqishlagan O‘zbekiston hamda aloqa sohasiga kiritilayotgan yirik investitsiya — 19-iyun dayjesti

O‘zbekiston AQSH va Eron kelishuvini olqishladi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi AQSH va Eron o‘rtasida imzolangan o‘zaro Anglashuv memorandumini olqishladi. Toshkent ushbu kelishuvni hozirgi murakkab xalqaro sharoitda keskinlikni yumshatish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim diplomatik qadam sifatida baholadi.

Vazirlik bayonotida qayd etilishicha, erishilgan kelishuv uzoq muddatli tinchlik va barqaror yechim uchun mustahkam zamin yaratishi mumkin. Shuningdek, Pokiston va Qatarning vositachilikdagi hissasi, shuningdek Turkiya, Saudiya Arabistoni va Misr kabi davlatlarning sa’y-harakatlari yuqori baholangan. O‘zbekiston tomoni muzokaralarning keyingi bosqichlari konstruktiv ruhda davom etishi va kelishuvlar amalda samarali ijro etilishiga umid bildirgan.

Oliygoh bitiruvchilarining o‘rtacha maoshi 5 mln so‘mdan oshdi

2025 yilda O‘zbekistondagi 114 ta oliy ta’lim muassasasini tamomlagan 242,6 ming nafar bitiruvchining o‘rtacha oylik ish haqi 5,1 mln so‘mni tashkil qildi. Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bitiruvchilarning bandlik darajasi 75 foiz bo‘lib, ularning ishga joylashishi uchun o‘rtacha 2 oy 1 kun vaqt ketgan.

Yo‘nalishlar kesimida eng yuqori maosh biznes va boshqaruv sohasida qayd etilib, o‘rtacha 8,5 mln so‘mni tashkil etgan. Keyingi o‘rinlarda huquq (7,3 mln so‘m) va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (6,8 mln so‘m) yo‘nalishlari joylashgan. Shuningdek, Bitiruvchilar sifati indeksida matematika va statistika yo‘nalishi 69,6 ball bilan yetakchilik qildi.

Markaziy bank banklar uchun 2,5 mlrd so‘mgacha bo‘lgan yangi jarimalarni joriy qildi

Markaziy bank 2026 yil 6-avgustdan banklar, mikromoliya tashkilotlari va lombardlar uchun yangi jarima tizimini joriy etadi. Yangi tartibga ko‘ra, prudensial me’yorlarni buzish, likvidlik talablariga rioya qilmaslik, rezervlarni noto‘g‘ri shakllantirish yoki mijozlar huquqlarini cheklash holatlari uchun milliardlab so‘mlik sanksiyalar qo‘llanishi mumkin. Ayrim holatlarda jarima miqdori 2,5 mlrd so‘mgacha yetadi.

Hujjatda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, kredit shartlari haqida to‘liq ma’lumot bermaslik, mijoz hisobidan uning roziligisiz mablag‘ yechib olish, davlat tilida shartnoma taqdim etmaslik yoki murojaatlar bilan ishlash qoidalarini buzish uchun ham katta miqdorda jarimalar belgilangan. Markaziy bankka ko‘ra, yangi choralar moliyaviy barqarorlikni ta’minlash va bank xizmatlari sifati ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan.

«MobiUz»ni $351 mlnga sotib oladigan AQSH konsorsiumi infratuzilmaga $500 mln investitsiya kiritadi

AQSHning «McKim and Company» kompaniyasi boshchiligidagi investorlar konsorsiumi «MobiUz» mobil operatorining 100 foiz davlat ulushini 351 mln dollarga sotib olish bo‘yicha memorandum imzoladi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ko‘ra, kelishuv V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida rasmiylashtirilgan.

Loyiha doirasida kompaniyani xarid qilishdan tashqari, telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish va tarmoqni rivojlantirish uchun qo‘shimcha 500 mln dollar investitsiya kiritish rejalashtirilgan. Shu tariqa, bitimning umumiy qiymati 851 mln dollarni tashkil etadi. Mutasaddilar fikricha, mazkur investitsiyalar raqamli infratuzilmani yangilash, sohada raqobatni kuchaytirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.

Koreya orzusi ortidagi firibgarlik: 90 ming dollar pora olgan sobiq amaldor qo‘lga olindi

Janubiy Koreyaga ish va o‘qishga yuborish va’dalari ortidagi yirik firibgarlik sxemalari fosh etildi. Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lumotiga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida Migratsiya agentligining sobiq filial rahbari 8 nafar fuqaroni Koreyaga ishga jo‘natishni va’da qilib, ulardan jami 90 ming dollar olganlikda gumon qilinmoqda.

Shuningdek, Namangan, Jizzax, Sirdaryo, Samarqand va Buxoro viloyatlarida ham o‘nlab fuqarolarni Koreyaga yuborish bahonasida minglab dollar mablag‘Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.larni o‘zlashtirish holatlari aniqlangan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar barcha holatlar bo‘yicha jinoyat ishlarini qo‘zg‘atib, tergov harakatlarini olib bormoqda. Avvalroq migratsiya tizimidagi uyushgan guruh fosh etilgani va 800 dan ortiq jabrlanuvchining murojaatlari o‘rganilayotgani ma’lum qilingan edi.

Teglar

Mavzuga oid