Soliqchilar uchun alohida oliy maktabga qabul boshlanadi
Prezident qaroriga muvofiq, Soliq qo‘mitasi huzuridagi Soliq oliy maktabida 2026/2027 o‘quv yilidan bakalavriat, keyinchalik magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichi yo‘lga qo‘yiladi.
© Foto: Kun.uzO‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Soliq sohasida malakali kadrlar tayyorlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qabul 2026 yildan boshlanadi
Hujjatga muvofiq, Soliq qo‘mitasi huzurida tashkil etilgan Soliq oliy maktabida 2026/2027 o‘quv yilidan bakalavriat bosqichiga talabalar qabul qilinishi boshlanadi. Bakalavriat ta’limi kamida uch yil davom etadi.
2027/2028 o‘quv yilidan esa magistratura hamda oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlari yo‘lga qo‘yiladi.
Qanday mutaxassislar tayyorlanadi?
Oliy maktabda soliqlar va soliqqa tortish, raqamli soliq ma’murchiligi, soliq huquqi, moliyaviy nazorat kabi yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.
Shuningdek, ta’lim muassasasi tarkibida Malaka oshirish va kompetensiyalarni rivojlantirish markazi hamda Soliqqa oid tadqiqotlar markazi faoliyat yuritadi.
Kasbiy sertifikatlar olishga ko‘mak beriladi
Qarorga ko‘ra, bitiruvchilar davlat namunasidagi diplom bilan birga soliq maslahatchisi va auditor malaka sertifikatlarini olish uchun zarur o‘quv kurslarini tugatganini tasdiqlovchi hujjatga ham ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi xalqaro tashkilotlarning sertifikatlarini (ACCA, DipIFR, CAP/CIPA, CIA, ASA) olgan Oliy maktab talabalariga ushbu sertifikatlarni olish bo‘yicha o‘qish xarajatlari Oliy maktab tomonidan qoplab beriladi.





