Logo

Sun’iy intellekt urushga kirdi: «Grok» Eronda AQSHga yordam bergan

Ilon Maskning «xAI» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan sun’iy intellekt tizimi AQSHning «Maven Smart Systems» loyihasi tarkibida ishlatilmoqda.

Sun’iy intellekt urushga kirdi: «Grok» Eronda AQSHga yordam bergan

Pentagon Ilon Maskning «xAI» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan «Grok» sun’iy intellekt tizimidan Eronga qarshi harbiy amaliyotlarda foydalangan. Bu haqda «Wired» jurnali AQSH Mudofaa vazirligining raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt bo‘yicha bosh mutaxassisi Kemeron Stenlining bayonotiga tayanib xabar qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Grok» hozirda AQSHning sun’iy intellekt orqali nishonlarni aniqlash dasturi hisoblangan «Maven Smart Systems» loyihasi tarkibida ishlatilmoqda. Mazkur tizim avval «Anthropic» kompaniyasining «Claude» modeli asosida faoliyat yuritgan.

Stenli «Grok» boshqaruv modeli orqali operativ samaradorlik sezilarli darajada oshganini ta’kidlagan. Uning ma’lum qilishicha, «Maven Smart Systems» tizimlari «Epik g‘azab» operatsiyasi davomida 96 soat ichida 2 mingdan ortiq nishonga nisbatan 2 mingdan ziyod o‘q-dorini qo‘llash imkonini bergan.

«Claude» o‘rnini «Grok» egalladi

Ma’lum qilinishicha, Pentagon avval maxfiy tizimlarda faqat «Claude» modelidan foydalanishga ruxsat bergan. Biroq 2026 yil mart oyida AQSH harbiy idorasi «Anthropic»ni ta’minot zanjiri uchun xavf sifatida baholab, amalda kompaniya bilan hamkorlikni to‘xtatgan.

Nashrning yozishicha, kelishmovchilik Pentagonning sun’iy intellekt mahsulotlaridan «barcha qonuniy maqsadlarda» foydalanish istagi bilan bog‘liq bo‘lgan.

«Anthropic» rahbariyati esa ikki muhim cheklovni talab qilgan. Ular texnologiyalarni mamlakat ichida ommaviy kuzatuv uchun hamda inson ishtirokisiz halokatli qaror qabul qiluvchi avtonom qurol tizimlarini yaratishda qo‘llamaslik shartlarini ilgari surgan.

Teglar

Mavzuga oid