O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026 yilda 180 mlrd dollardan oshishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumida so‘zlar ekan, so‘nggi yillarda iqtisodiyot jadal sur’atlarda o‘sganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, avval 2026 yil uchun belgilangan 100 mlrd dollarlik YAIM marrasi bu yilning o‘zida 180 mlrd dollardan oshishi kutilmoqda.
© prezident.uzToshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida qatnashgan prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston iqtisodiyotidagi so‘nggi o‘zgarishlar va investitsiya muhiti haqida to‘xtaldi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, global iqtisodiyotdagi noaniqliklar, savdo ziddiyatlari va kapital oqimlaridagi o‘zgarishlar sharoitida investorlar huquqlari himoya qilingan, iqtisodiyoti barqaror o‘sib borayotgan mamlakatlarga ustuvor ahamiyat bermoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekistonda biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash va investitsiya muhitini erkinlashtirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Prezident keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil yakunlarida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 7,7 foizga o‘sgan. Shuningdek, iqtisodiyotga 43 mlrd dollarlik investitsiya jalb qilingan. Xalqaro zaxiralar hajmi esa 70 mlrd dollardan oshgan.
Shavkat Mirziyoyev to‘rt yil avval birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida 2026 yil yakuniga qadar YAIMni 100 mlrd dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilganini eslatdi.
«Iqtisodiyotimizdagi yuqori o‘sish sur’atlari natijasida bu ko‘rsatkichni rejalashtirilgan muddatdan oldinroq bajarish imkoni paydo bo‘ldi. Joriy yilning o‘zida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 180 mlrd dollardan oshishi kutilmoqda», — dedi davlat rahbari.
Shuningdek, prezident O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi pozitsiyalari ham yaxshilanib borayotganini ta’kidladi. Xususan, mamlakat joriy yilda «Iqtisodiy erkinlik indeksi»da 14 pog‘onaga ko‘tarilib, ilk bor «iqtisodiyoti mo‘’tadil erkin» davlatlar qatoriga kirgan.
Davlat rahbari mazkur natijalarni mamlakat iqtisodiyoti yangi bosqichga o‘tganining va investorlar uchun yangi imkoniyatlar ochilayotganining muhim belgisi sifatida baholadi.

Toshkent xalqaro investitsiya forumi
16-18-iyun kunlari Toshkentda xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tmoqda. Forumga oid barcha xabarlar bir havolada.





