Oliygoh bitiruvchilarining o‘rtacha maoshi 5 mln so‘mdan oshdi
2025 yilgi bitiruvchilarning bandlik va ish haqi ko‘rsatkichlari bo‘yicha ma’lumotlar e’lon qilindi.
© mackinac.org2025 yilda 114 ta oliy ta’lim tashkilotini tamomlagan 242,6 ming nafar bitiruvchining ishga joylashish muddati o‘rtacha 2 oy 1 kunni, bandlik darajasi esa 75 foizni tashkil etdi. Bu haqda Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi e’lon qilgan Bitiruvchilar sifati indeksida ko‘rish mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda oliygoh bitiruvchilarining o‘rtacha oylik ish haqi 5,1 mln so‘mni qayd etgan va ularning 60,1 foizi kamida to‘rt oy davomida barqaror ish bilan ta’minlangan.
Yo‘nalishlar kesimida eng yuqori o‘rtacha ish haqi biznes va boshqaruv (8,5 mln so‘m), huquq (7,3 mln so‘m) hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (6,8 mln so‘m) sohalarida qayd etilgan.
Bitiruvchilar sifati indeksida matematika va statistika yo‘nalishi 69,6 ball bilan birinchi o‘rinni egallagan. Undan keyin ta’lim yo‘nalishi 66,7 ball, biznes va boshqaruv yo‘nalishi esa 63,9 ball bilan joylashgan.
Indeks natijalariga ko‘ra, eng yaxshi natija ko‘rsatgan 20 ta oliy ta’lim muassasasining karera markazlari 500 mln so‘mdan rag‘batlantiriladi.
Qayd etilishicha, ushbu ko‘rsatkichlar 8 oylik kuzatuv davri asosida shakllantirilgan dastlabki natijalardir. Yakuniy indeks natijalari 12 oylik ma’lumotlar asosida joriy yilning avgust oyida e’lon qilinadi.
Ma’lumot uchun, 2026 yil holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda talabalar soni 1 million 535 ming nafarni tashkil etadi. Ularning 782 ming 900 nafari ayollar, 752 ming 100 nafari esa erkaklardan iborat.





